Ру Ўз O'z En

Ochiq Muloqot

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbariyati Yoshlar ittifoqi rahbariyati ishtirokida ochiq muloqot oʻtkazdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2026-yil 24-fevral kuni oʻtkazilgan “Yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlarga bagʻishlangan muloqot”da belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida har hafta payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilangan. Mazkur tashabbus doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbariyati hamda Yoshlar ittifoqi rahbariyati ishtirokida talabalar bilan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” hamda oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov, universitet rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Toʻlqin Teshabayev, Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi aʼzolari va universitet professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda Davlat aktivlari agentligi boʻlimi boshligʻi tomonidan tashkilot faoliyati, asosiy yoʻnalishlari hamda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida taqdimot qilindi. Unda davlat ulushi mavjud korxonalarni samarali boshqarishxususiylashtirish jarayonlari hamda korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil maʻlumot berildi.

Shundan soʻng Davlat aktivlari agentligi direktori Sohibjon Murodov soʻzga chiqib, mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʻkidladi. Oliy taʻlim muassasalari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash va yoshlarning salohiyatini roʻyobga chiqarish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Shuningdek, talabalar uchun amaliyotstajirovka va real loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish orqali nazariy bilimlarni amaliyot bilan uygʻunlashtirish zarurligi alohida taʻkidlandi. Davlat aktivlari agentligi tomonidan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ularni kelgusida ish bilan taʻminlash masalalariga alohida eʻtibor qaratilishi bildirildi.

Tadbir davomida universitet rektori Toʻlqin Teshabayev ham soʻzga chiqib, oliy taʻlim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashda bunday hamkorlik muhim oʻrin tutishini taʻkidladi.

Uchrashuv yakunida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Mazkur hujjat oliy taʻlim va amaliyot oʻrtasidagi hamkorlikni tizimli yoʻlga qoʻyish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish hamda taʻlim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan.

Shuningdek, memorandum doirasida talabalarni amaliyotga jalb qilish, bitiruvchilarni ish bilan taʻminlash, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda seminar va uchrashuvlar tashkil etish kabi yoʻnalishlarda hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

18 Чоп этиш