Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

15 May 2023

Andijon viloyatida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-102-sonli qaroriga muvofiq, 1001 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1046 ta koʻchmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga chiqarilishi, shuningdek, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi barcha fuqarolar va investorlarga qatnashish imkoniyati taqdim etish maqsadida “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida “xalqchil IPO” orqali taklif etilishi belgilangan.

Hududlarda mazkur qaror mazmun-mohiyatini tushintirish va targʻibot qilish ishlarini jadallashtirish maqsadida, joriy yilning 13 may kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Andijon viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari toʻgʻrisida navbatdagiRoadshow taqdimoti oʻtkazildi.

Ushbu tadbirda 500 nafardan ziyod mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalarning vakillari, tadbirkor va investorlar ishtirok etdi.

Roadshow taqdimoti Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Miraliyev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Artikmirza Alimjanov hamda viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Dilshodbek Karimov boshchiligida boʻlib oʻtdi.

“Roadshow” ishtirokchilariga Davaktiv agentligi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2022-yil davomida xususiylashtirish dasturlariga muvofiq jami 132 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilganligi, shundan 67 ta davlat aktivlari 66,3 mlrd.soʻm qiymatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganligi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, 2022-yil davomida tadbirkorlar va fuqarolar uchun 3215 ta 158,2 gektar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, shundan 716 ta 76,2 gektar yer uchastkalari 40,0 mlrd.soʻmga sotilishiga erishilgan.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-102-sonli qaroriga muvofiq, ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan Andijon viloyatidagi jami 75 ta davlat va davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining aktivlari, shundan 41 ta koʻchmas mulk obyektlari, jumladan, “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida “Andijon biokimyo zavodi” AJning 20 foiz aksiya paketlarixalqchil IPOga chiqarilishi yaqindan tanishtirildi.

Bundan tashqari, tadbir qatnashchilariga avvaldan doimiy foydalanish yoki umrbod egalik qilish huquqi asosida oʻzlariga tegishli boʻlgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi boʻyicha tushuntirishlar berildi.

Oʻz oʻrnida, Davaktiv agentligi mutasaddilari tomonidan qatnashchilarga E-auksion elektron savdo platformasidan foydalanish boʻyicha master-klass oʻtkazilib, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy ham amaliy tushuntirildi.

Koʻtarinki ruhda va savol-javoblarga boy oʻtgan Roadshow davomida Davaktiv agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Miraliyev va viloyatning boshqa mutasaddi rahbarlari tadbir qatnashchilari va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga batafsil javoblar berib oʻtdilar. 

Shu bilan birga, kunning ikkinchi yarmida OAV vakillari uchun Press-tur ham tashkil etilib, davlat aktivlarini sotib olgan tadbirkorlar tomonidan ushbu obyektlar negizida bajarilgan ishlar joyiga chiqqan holda oʻrganildi.

Shu kabi tadbirlar yil davomida respublikaning barcha viloyatlarida, Toshkent shahrida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

1460 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech