Ру Ўз O'z En

Hikoyalar

SHUKRONALIK

Inson – mulki borliqning gultoji, eng oliy fazilatlar sohibi sanaladi. Shukronalik esa ana shu safdagi sara sifatlar sirasiga kiradi.

Mavzuimiz shukronalik hissi yoki u insonning botini va zohirida qay yo‘sin namoyon bo‘lishi haqida.

Uyqu – tabiiy hodisa. Ertangi kun uchun quvvat to‘plash omillaridan biri. Shuning uchun ham uxlash ayb emas, shart. Faqat g‘aflatga botib qolmaslik lozim. El-yurt, oila tashvishi zimmasida bo‘lgan odam esa sergak yotadi. Har qanday vaziyatda g‘aflatda qolmaydi. 

Cho‘lli cho‘ponning qulog‘iga yer ostidan guldiragan tovush eshitildi. Yostig‘ini surib qulog‘ini yana ham yerga yaqinroq tutdi. So‘ng sapchib o‘rnidan turdi-da, xotini va bolalarini uyg‘otdi. Vaqt g‘animat, faqat eng zarur narsalarni olib, oilasini qirning baland joyidagi tepalikka, xavfsiz joyga ko‘chirdi. Adashmagan ekan, hademay tog‘ tomondan o‘ynoqilab kelayotgan sel uning turar joyini tag-tugi bilan yuvib ketdi.

Yordamga kelgan qo‘ni-qo‘shni ajib bir manzaraning guvohi bo‘lishdi. Cho‘lli cho‘pon bir chekkada cho‘kkalab olib, mayus nigohlarini bir nuqtaga tikkancha nuqul: “Shukur... ming qatla shukur... yaratganga shukur!” - deya deyarli bitta so‘zni takrorlab turardi. “Esi og‘ib qopti chamasi”...  Axiyri bir kishining sabri chidamadi: “Ey, birodar esingni yig‘ishtirib ol, axir shundoqqina ko‘z o‘ngingda butun boshli mol-mulking suvda oqib ketyapti-ku, nimasiga shukur deysan?”

Kuyinchaklik qilayotgan kishining ohangi zardali edi. Cho‘lli cho‘pon boshini ko‘tarib, maʼnoli nigohini unga qaratdi.

–  Men suvda oqqan molimga emas, saqlanib qolgan jonimga shukur qilyapman. – u oila aʼzolari turgan tomonga bir qarab oldi-da, – badtar bo‘lishi ham  mumkin edi-ku, –  deb qo‘shib qo‘ydi. So‘ng, tetiklashib  o‘rnidan bardam turdi va: “Jon omon bo‘lsa mol topiladi, birodar” dedi ishonch bilan.

***********

Yana bir hayotiy voqea...

O‘g‘il ishga ketar oldidan onasini ziyorat qilar, hol-ahvol so‘rashgan bo‘lib, huzuriga birrov kirib chiqardi.

–  Shukur, bolam, shukur! – farzandining savollariga onaning javobi shu edi.

Boshqa paytlari ko‘zlari xira tortib qolgan kampir kelinning qaramog‘ida qolardi. O‘g‘il ahyon-ahyon xotini onasining issiq-sovug‘idan xabar olyaptimi-yo‘qmi surishtirib turardi albatta.

–  Onangizni uzzu-kun jag‘i tinmaydi-ku, ko‘rganlar ko‘zdan qissa ham ishtahani ikki hissa qilib beribdi, deyishyapti. Biz bir ro‘zg‘or, onangizni o‘zi bir ro‘zg‘or...

Xotinining javobidan qoniqardi. Sababi onasini yo‘qlab qachon kirgan bo‘lsa, u nimanidir kavsh qaytarib turgan bo‘lardi.

Bir kuni sir ochildi. To‘g‘rirog‘i kampirning ko‘zlari ravshan tortdi. Sog‘ligi ham tetiklashdi. Xushxabar zumda tevarak-atrofga tarqadi. Kelib kampirni ko‘ruvchilar, bu holning tagiga yetishni istovchilar soni ko‘paydi. “Umid yo‘q” deb yakuniy xulosa bergan shifokor ham kelib ko‘rdi uni. So‘rab-surishtirib, sirning tagiga yetdi. Maʼlum bo‘lishicha onaxon bir yildan beri faqat turshak bilan oziqlanib kelar, og‘zi hamisha qimirlab, nimadir chaynayotgandek tassovvur uyg‘otgani ham shundan ekan. Tishsiz og‘izda bir turshakni eritib olish uchun qancha vaqt, qancha harakat zarurligini ko‘z o‘ngingizga keltiring. Kampir oila shaʼni, o‘g‘lining obro‘i, nabiralarining tinchini o‘ylab bu haqda hech kimga miq etmay kelarkan.

Xullas, kelinning odamlar oldida izza, erining oldida ishonchsiz bo‘lgani qoldi. Kampir esa tuzalib ketdi. Turshak bir bahona, unga malham bo‘lgan narsa ko‘nglidagi shukronalik hissi edi aslida.

Haqiqatning yo‘li olis va mashaqqatli. Qaysi mavzu bo‘lmasin, tagiga yetmay turib u haqda so‘z ochmagan maʼqul. Masalan osh pichoqning o‘tkir tig‘li buyum ekanini bilamiz, biroq bu bor-yo‘g‘i tassavvur, haqiqat emas. Hatto, uni ushlab, tig‘iga barmog‘imiz bilan tegib ko‘rishimiz ham hali to‘la taassurot bermaydi. Faqat qattiq bir jismni kesib ko‘ribgina to‘la ishonch hosil qilishimiz mumkin bo‘ladi.

*****************

Najmiddin Kubro hazratlaridan olingan mazkur sarlavha bilan boshlanadigan endigi hikoyamiz Payariq-Samarqand yo‘lida sodir bo‘lgan. Imom Buxoriy qadamjosidan qaytayotgan ziyoratchilar tushgan avtobusda shivir-shivir gap oraladi.

–  Balki toblari qochgandir, bir so‘rab ko‘rish kerak!

– Bezovta qilib nima qilasiz, keksaygach hammamiz ham shunaqa bo‘lib qolamiz.

–  Menimcha, boboyning uyida yoki hokimiyat bilan bog‘liq birorta muammosi bo‘lsa kerak...

–  Muammosi bor odam hokimiyatga boradi-da, ziyoratga keladimi?

–  Albatta-da, ziyoratning axir mushkulkusho xosiyati bor...

Xullas bir avtobus odam yoshi saksonlarga yaqinlashgan, oppoq soqoli yoshiga yarashib turgan, og‘ir o‘yga cho‘miganicha, ko‘zlari yoshlangan otaxonni muhokama qilardi. Uning lablari nimalarnidir shivirlab turardi.

–  Otaxon nimadir deyapti.

–  Hech kim tinglamagach, keyin o‘ziga-o‘zi dardini dasturxon qilayotgandir-da.

–  Manimcha boboy kimningdir go‘riga g‘ish qalayotgan bo‘lsa kerak.

–  Yoki chapanachasiga so‘kayotgan bo‘lsa ajabmas.

–  O‘sha bechoraning familiyasi Shukurov bo‘lsa kerak... Lablarining harakatidan shu so‘zni uqdim...

–  Ha-h, bolalarim-a, – deya otaxon ko‘zini ochib, o‘zini o‘nglab oldi. Keyin dastro‘moli bilan ko‘z yoshlarini artib: “Bu quvonch yoshlari!” – dedi. – Yoshlik  chog‘larimiz otam bilan boshlashib ziyoratga kelardik. Qamishzor oralab, loy kechib borardik. Endi bu ravon yo‘llarni ko‘ring, qulayliklarga qarang! Quvonmay bo‘ladimi? Ayniqsa keyingi yillarda hadisshunoslik markazining ochilgani zap ish bo‘pti, bunaqasi bu yaqin tarixda bo‘lmagan. Shu kunlarni ko‘rsatganiga shukur! Shunday ulkan muammolar yechimini topayotgan davrda men dard aytarmidim, shukrona aytib, shukur deb shivirlab borayotgandim, – deya mavzuga nuqta qo‘ydi otaxon.

NOSHUKURLIK

 

Asli qoniqmaydigan kishi daryoning sohilida yashasa ham, chanqog‘i qonmas ekan. Qildan qiyiq axtarib, nolingani, nolingan. Bunday kishilarga qo‘y bersang, ipini bermadi, deb malomat qiladi. Xullas, endigi hikoyamiz noshukurlik mavzusida.

Yovqoch rais katta bir shirkatga rahbarlik qilardi. Shuningdek, mahallada ham obro‘li kishilardan, qo‘li ochiq, tanti kishi edi. Mehmonnavozlikni yaxshi ko‘rardi. Darvozasi hamisha lang ochiq, dasturxoni tuzatilgan turardi. U ayniqsa musofir kishilarni ko‘rib qolsa, qo‘yarda qo‘ymay uyiga boshlab kelar, yedirib, ichirib kuzatardi.

 Bir gal nima ish bilandir raisnikiga o‘tdim. U mehmonlari bilan ichkarida ekani bois, bostirib kirib borishga istihola qildim. Oshxona tomondan tovush eshitilgani sabab o‘sha tomonga yurdim. Raisning ayoli Muhabbatxon kosani kosaga, choynakni piyolaga urib, asabiy javrayotgan ekan. Aftidan bolalaridan birini koyiyotgan bo‘lsa kerak.

– Uyingizga baraka!

Issiqdan asabi oshgan, asabiylashganidan terlab-pishib ketgan, allanarsadan g‘azabi toshgan xonadon bekasi boshini ko‘tardi.

– Uy? Bu uy emas – mehmonxona! – Sinfdoshingiz meni xotinlikka emas, xodimlikka olgan ekanlar. Mehmonxona deyapmanu, bu imoratning afti-angoriga bir qarang – kaptarxona desa tuzukroq bo‘ladi. Ha, ha naq kaptarxona: bittasi uchib chiqishi bilan, boshqa biri pir etib kirib keladi. Jonimdan to‘yib ketdim!

  – Shukr qiling, kelin! Bu martabaga yetganlar bor, yetmaganlar bor.

 – E, bunaqa martabaning boridan yo‘g‘i! – jahli battar lovulladi uning. – Nomi ulug‘, suprasi quruq! Men nima baʼzi bir raislarning xotinlariga o‘xshab sanatoriyama-sanatoriya yurgan bo‘lsamki – shukr desam. Mana raisning o‘g‘lini ahvoliga qarang! – Beka bir chekkada xo‘mrayibgina o‘tirgan o‘g‘liga ishora qildi. – Sumkasi eskirgan, yangisini olib bering, deb miyamni egovlab o‘tiribdi. Maktabga ko‘tarib borgani uyalar emish.  Dadasining parvoyiga ham kelmaydi.

     Shundan keyin bir oz o‘tib Yavqoch rais qamalib ketdi. Ko‘rolmaydigan kishilar chaquv bilan uni qamatishdi.

Do‘stlik, qolaversa sinfdoshlik  hurmati, onda-sonda uning xonadonidan xabarlashib turardim. Ul-bul olib borardim.  Bir paytlari eng namunali bo‘lgan raisning tomorqasi qarovsiz holga kelib qolgandi. Bu hovlidan fayz ko‘tarilganini ilg‘ash qiyin emasdi. Endi vayishdagi tok novdalari taralmagan soch kabi har tomonga taravaqaylagan, hamma yoqni yovvoyi ajriq bosib ketgan edi. Uylari ham  qandaydir bukchayib qolgandek, rangi ko‘chgan, derazalari ham artilmagani bois oynalari xira tortgandi.

Yovqoch aka qamoqdan ozod bo‘lib, uyiga qaytayotgan kun hovlisida tumonat odam to‘plandi. Men ham ko‘p qatori unikida edim.  Muhabbatxon quvonchdan terisiga sig‘may, pishir-tushir bilan yelib-yugurib yurardi. Salqin joylarga shol to‘shab, ko‘rpacha solib, joylar hozirlangandi. 

Shu payt bolalar darvozadan otilib kirishgan: “Kelishdi, kelishdi!” Xushxabarni eshitib barcha o‘rnidan qalqib turdi, faqat bir kishigina turgan joyida tap etib yerga quladi. Odamlar nima qilishlarini bilmay hayron qolishdi. Yavqochning istiqboliga peshvoz chiqishsinmi yoki Muhabbatxonning boshiga borishsin?

Bu payt eshik oldida to‘xtagan mashinadan tushgan, yuzlari so‘lg‘in, ko‘zlari kirtaygan Yavqoch rais vaziyatni darhol fahmladi. Qandaydir noxush voqea sodir bo‘lganini payqadi. Ayollar boshida to‘planishib, kimdir yuziga suv sepib, kimdir qo‘l-oyoqlarini uqalab muolaja ko‘rsatib turgan bemor o‘zining ayoli ekanini anglagach, rangi badtar o‘chib, o‘sha tomonga otildi.

– Senga nima bo‘ldi onasi! – uning dahshatli hayqirig‘idan Muhabbatxon o‘ziga kelib, ko‘zini ochdi. – Agar, senga bir gap bo‘lsa, mening ozodlikka chiqqanimdan maʼni yo‘q! – Ko‘zlari jiqqa yosh, xotinining boshini tizzasiga olib, parishon to‘zg‘igan sochlarini siladi u.

Muhabbatxon avval ko‘zlarini, so‘ng boshini uning pinjiga yashirdi. Bo‘g‘zida xo‘rsiniq bo‘lib tiqilib yotgan dard, bir muddat o‘tib faryod bo‘lib portladi. 

– Men o‘lay, oyog‘ingiz ostida jon beray to‘ram! Siz bo‘lsangiz bu hovliga odam kelar ekan, sizsiz bog‘u bo‘stonimiz cho‘lu biyobonga aylandi, sizsiz xor bo‘ldik, zor bo‘ldik –  qadringizga yetmagan men noshukur juftingizni kechiring, kechiring! Endi lak-lak mehmon olib keling, qo‘lim kosov, sochim supurgi. G‘iring desam tilim kesilsin.

Muhabbatxonning chekkan nolasidan o‘sha kuni yig‘lamagan odam qolmadi.

Alqissa, azizlar hayotimizda mana shunday hollar uchrab turadi. Ozgina qiyinchilik, mittigina muammo qarshisida ojiz qolamiz baʼzan. Sabr degan so‘z borligini unitib qo‘yamiz. Zero, hayotning har lahzasi g‘animat, umrning har oni qadrli – bir-birovni ardoqlab yashashni kasb etaylik. Yuqoridagi hayotiy voqeani ibrat uchun sizga ilinganimiz ham shundan...

 

O‘QISH VA UQISH

Kitobni oftobga mengzaymiz – bu bejizga emas. Quyoshning tafti hech qachon so‘nmagani kabi, kitobning ziyosi ham bitmas-tuganmas. Tabiatdagi go‘zalliklar, maftunkor manzaralar, betakror lahzalar quyosh nurlari bilan vobasta bo‘lgani kabi, kitob tufayli odamlarda chin insoniy tuyg‘ular kamol topadi. Zero, XX asrning yirik namoyondalaridan biri: “Men o‘zimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitobdan minnatdorman!” – degan edi.

Kitoblarga jo bo‘lgan ilmning xosiyati haqida so‘z ketganda, beixtiyor fransuz yozuvchisi Aleksandr Dyumaning mashhur “Graf Monte Kristo” asari yodga tushadi. Bu kitobni bilmagan, o‘qimagan kishi yo‘q. Shu vajdan ortiqcha tafsilotlarga berilishdan tiyilib, uning bir nuqtasida bir muddat to‘xtalamiz. Qarang, Monte Kristo orolida yashirilgan behisob boyliklar aslida kimga atalgan edi-yu, kimga nasib etdi? Nomdor kordinal Spadadan bor-yo‘g‘i ulkan bir kutubxona meros qolganidan qattiq ranjigan nabira farzandlar uni kitob-pitobi bilan Abbat Fariaga sotib yuborishadi. Biroq, o‘zlariga atalgan bitmas-tuganmas boylikni boy berishgani xayollariga ham kelmaydi.  Chunki, boylik yashirilgan joy ham, unga olib borguvchi yo‘l tarxi ham xatcho‘p tarzida mana shu kitoblar qatida qoldirib ketilgan edi. Farzandlar ulg‘ayib kitobga ko‘ngil qo‘yganlarida, otadan meros qolgan kutubxonani asrab-avaylaganlarida bir kunmas-bir kun mana shu boyliklarga ega bo‘lishlari ehtimoldan xoli emasdi.

Bir muncha falsafiy tarzda yondoshilgan bu hikoyadan, qadimiy kitoblarning, nodir qo‘lyozmalarning qiymati – bebaho, degan maʼno anglashiladi. Oddiygina bo‘lib tuyulgan bu haqiqatni, shu qadar taʼkidlash shartmi degan savol tug‘iladi. Shart, chunki bo‘ynida bosh deb kalla ko‘tarib yurgan ayrim kishilar buning fahmiga yetmaydilar. Kitoblarning ulug‘ xazina ekaniga yana bir misol, tajovvuzlar bilan bog‘liq tarixlarni titkilab qarasangiz, bosqinchilar mag‘lub xalqning moddiy boyliklarini o‘lja qilish barobarida, uning maʼnaviy mulki bo‘lmish kutubxonalarini g‘orat qilganlari, kitoblarini tashib ketganlariga ham guvoh bo‘lasiz.

Bizning ota-bobolarimiz g‘oyat kitobxon xalq bo‘lishgan, shundan kitobni nihoyatda qadrlashgan. Yoshlarni ham shu ruhda tarbiyalaganlar. Ular kitobni yurakka yaqin –  chap ko‘ksiga mahkam bosib olib yurganlar. Kitob ko‘rgan kishilarni davralarning to‘riga o‘tqazib, hurmat bajo keltirganlar. Diniy va dunyoviy masalalarda uning fikriga quloq tutganlar. Mehmonxona tarbiyasi deganlari shu aslida. Olimu fuzalo kishilar to‘planishib, tarixdan, adabiyotdan, falakiyotdan va boshqa mavzularda bahs-munozara qilgan yig‘inlarda choy tashib, mehmonlarning qo‘liga suv quyib, sochiq tutib yurgan yoshlarning ilmi ham salkam madrasa taʼlimini olgan talabalarning salohiyati bilan teng ko‘rilgan.

Katta yoshli bir tanishim so‘zlab bergan edi, mana shunday yig‘inlarning birida  Hazrat Alisher Navoiyning bir bayti munozaraga sabab bo‘libdi. Mana o‘sha bayt: “Sening ko‘ying nasimig‘a o‘zni soldukki jon topdik,

                    Masih anfosidin gar xastag‘a bo‘lmas davo paydo!”

O‘tgan tuzum  sharoitida o‘zini kitob ko‘rgan, ziyoli kishi deb sanagan bir necha adabiyotga oshno kishilar bu baytni to‘la sharhlashdan ojiz qolibdilar. Buni Navoiy tilining murakkabligiga yo‘yibdilar.  Shunda davrada qo‘r to‘kib o‘tirgan bir kishi, miyig‘ida kulib: “Bu baytning maʼnosini anglamoqchi inson payg‘ambarlar tarixini o‘qigan bo‘lmog‘i kerak”, – debdi. So‘ng shoir, oshiq yigit tilidan, Iso Masihning nafasi o‘likka jon ato etgani haqidagi rivoyatlarga ishora qilib, o‘zining oshiqlik dardiga undan davo topmaganini, biroq sevgilisining ko‘chasida esgan sabodan jonlanganini izhor etganini so‘zlab beribdi. 

“O‘qigan – olim, o‘qimagan – o‘ziga zolim” –  deydi xalqimiz. Chunki, o‘qimishli odamning dunyoqarashi  o‘qimagan odamnikidan keskin farqlanadi. Shuning uchun ham kitob ko‘rmagan kishilarni “ko‘rsavod” deymiz.  So‘qir kishi yo‘lda tusmollab qadam bosgani kabi, o‘qimagan odam hayotning murakkab masalalariga duch kelganda paypaslanib qoladi – muammolar chorrahasini kesib o‘tish uchun o‘zgalar ko‘magiga muhtojlik sezadi.

Bu masalaning bir jihati xolos. Ilmning manbai – kitob, o‘qimishli kishining komron ekani haqidagi oddiy haqiqat bu. Biroq, o‘qish boshqa, uqish boshqa, degan gap ham bor. Nimani o‘qib, nimani o‘zlashtirish masalasi ham muhim. Chunki, kitoblarning barchasi ham ezgulik tarqatishga xizmat qilmaydi. Sahifalariga buzg‘unchi, yot g‘oyalar singdirilganlari ham bisyor. Qadimda ham zo‘ravonlikni, fahsh va buzg‘unchilikni targ‘ib etguvchi asarlar bo‘lgan. Hozirda buning kabi adabiyotlarning miqyosi va ko‘lami beqiyos darajada kengayganligi ham sir emas.

Shunday ekan nimani o‘qish, nimani uqish – eng muhim masala!  Bugun kitobga ko‘ngil qo‘yib, undan maʼno va hikmat to‘playotgan yigit-qizlarga eslatmamiz shu – amal qilsalar koni foyda topishlari shubhasiz.

 

 

INSON UMRI

Dunyo yaralganidan beri yuksak aql egalari ­– allomayu, fozil kishilar doimo bir masala ustida bosh qotirib keladilar: dunyo, inson,  uning hayotdagi o‘rni va yashashdan maqsadi ­– asrlar osha inson deb atalmish ongli mavjudotni mushohadaga chorlab, o‘zi tutqich bermay kelayotgan mavzu ana shu. Qizig‘i shundaki mazkur mavzuda qanchadan-qancha bahs-munozaralar bo‘lmasin, qanchadan-qancha qimmatli qarashlar bayon etilganiga qaramay hali hech kim uning poyonga yetgan emas. Bu borada so‘ng so‘zni aytish hech kimga nasib etmagan.

Ideal jamiyat yaratish ishtiyoqi har bir davrning bosh g‘oyasi bo‘lgan. Davlatlarning paydo bo‘lishi ham aslida ana shu kabi xohish-istaklarning hosilasi sifatida ro‘yobga chiqqan. Odil hokim, ommaga qayishadigan hokimiyat singari qarashlar zamirida ham hamma uchun birdek muruvvatli bo‘lgan jamiyatga oshuftalik ko‘zga tashlanadi. Masalan uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan maʼnaviy merosimiz “Avesto”da, dunyoning asosi uch ustun ustida qurilmog‘i lozimligi, “Ezgu so‘z, ezgu fikr va ezgu amal” maʼrifatning jaholat ustidan, adolatning haqsizlik ustidan tantanasini taʼminlashi taʼkidlanadi.

Ulkan qurilish ishlari ketayotgan maydoning bir chetida uch nafar bolakay jarayonni tomosha qilib gaplashib turishibdi. Biri dedi: “Qani endi ko‘zimni bir yumib ochsamu, yillar o‘tgan bo‘lsa. Mana bu qurilish ham bitgan bo‘lsa-yu, uni  mazza qilib tomosha qilsam!”, “Men esam, qaniydi imkoni bo‘lsa-yu, uning bitishini kuzatsam” – dedi ikkinchi bolakay. Uchinchisi ham bu muloqotdan chetda qolmadi: “Qaniydi men tezroq ulg‘aysamu shu binolarning qurilishida o‘zim ishtirok etsam” – deya mavzuga nuqta qo‘ydi u. 

Inson o‘zini, o‘zligini tanishi, so‘ng uni o‘rab turgan bahri muhitni, o‘tmish va kelajak oralig‘idagi masofalarni, borliq-koinot sirlarini anglamog‘i lozim. Buning uchun unda avvalo ishtiyoq bo‘lmog‘i darkor. Yoki  kamolotga yetishish uchun, mutafakkir Ahmad Donish taʼbiri bilan aytganda, eng avvalgi shart – talab qiluvchining qobiliyati.. Shu sababli, “...har kim biror ishga chindan kirishsa, uni qo‘lga kirita oladi. Tinmay qoqqan kishiga eshik albatta ochiladi”.

Boyligi bilan tanilgan bir kishi mashhur olim bilan safarda hamroh bo‘lib qoldi. Ittifoqo karvonni qaroqchi bosdi. Boyning tizzasi qaltirab ichiga titroq kirdi: “Meni tanib qolishsa o‘laman”, - dedi u qo‘rquvdan dir-dir titrab. “Meni esa, tanimay qolishsa  o‘laman” - dedi ikkinchisi mayus tortib.

Abu rayhon Beruniy olimlik shartlarini axloq bilan bog‘laydi. Uning fikricha olimlar tabiatini pastkashlashtiradigan tuban axloqdan, haqiqatni ko‘rishga imkon bermaydigan xislatlardan o‘zini tozalagandan keyingina ilmiy tadqiqotga kirishishlari mumkin bo‘ladi. Olim odam ko‘p narsani biladi, ko‘p ishlarga qodir bo‘ladi: Bedil aytgani kabi u ilmning kuchi bilan po‘choqni bug‘doyga aylantira oladi. Biroq, bu uning manmansirashiga, kerilishiga asos bermaydi. Ilmli kishi maʼnan yuksaladi, ammo yerdagi qavmdoshlaridan farqlanmasligi lozim. Demakki, erkin fuqarolik jamiyati barpo etishning asoslari haqida so‘z ketsa, albatta fuqarolarning o‘qimishlilik darajasi, ilmiy salohiyati, huquqiy ongi, hunar va kasbu kor layoqati asosiy shartlardan hisoblanadi. Shuningdek, mehnatga munosabat, o‘zaro hamjihatlik, bir-birovga qayishish, so‘zida turmoq, omonatga xiyonat qilmaslik, haromdan hazar va shunga o‘xshash faqat insongagina xos bo‘lgan yana bir qator fazilatlarni o‘zida tarbiyalab borilishi muhim.

Parranda va darrandalar orasida umrzoq qush – qarg‘a. Aytishlaricha u uch yuz yil yasharmish. Lochinning unga havasi keldi. Buning sirini o‘zidan so‘rab bilmoqchi bo‘ldi. Qarg‘a uni kimsasiz dashtga boshlab keldi. Harom o‘lgan bir hayvonning loshi ustiga qo‘ndi-da, sasib-bijg‘ib ketgan go‘shtini cho‘qilab yeya boshladi. So‘ng Lochinga yuzlanib: “Kel, uzoq yashashni istamaysanmi?”- deya sassiq taomga taklif qildi. U esa: “Harom luqma yutib uzoq yashagandan, halolgina lochin umrim afzal” - deya dashtni tark etdi.   

Abu Nasr Farobiyning “Fozil odamlar shahri” asarida ham  xuddi ana shunday yondoshuv bor. Inson hayotining oliy maqsadi, oxir-oqibat baxt-saodatga erishuvdan iboratdir, deb yozadi u. Buning uchun odam bolasi o‘zida chin maʼnodagi fazilatlarni ulg‘aytirmog‘i lozim bo‘ladi, yaʼni, fikriy fazilatlarni. Sababi unda tug‘ma fazilatlar ham mavjud. O‘qish, o‘rganish va o‘zlashtirish orqali qo‘lga kiritiladigan fazilatlarni u – fikriy fazilat, deb ataydi. Tug‘ma fazilatning fikriy fazilatga bo‘ysunishi lozimligini taʼkidlaydi. Toki ana shu fazilatlar bilan u butun mavjudotni o‘rganadi, bori bilimlarni o‘zlashtirib ko‘zlagan manziliga yetadi, deb saboq beradi. Shuningdek, “Fazilatlarning raisi – kasb-hunar fazilati” ekanini taʼkidlaydi.

Suvda cho‘kayotgan bir kishini oddiy bir baliqchi qutqarib qoldi. Uni suvdan olib chiqib, hushiga keltirdi. So‘ng: “Kimsan birodar?” - deb so‘radi.

–   Men olimman! - javob qildi u. 

–   Nima ish qilasan?

–  Ilm ummoniga chuqur sho‘ng‘ib, marvarid teraman! - deya kibrlandi u. Shu asno baliqchining o‘qimishli emasligidan ham ijirg‘andi.

–  Mayli qancha chuqur sho‘ng‘isang, sho‘ng‘i, ammo suvning yuzasida suzishni ham o‘rganib qo‘ysang chakki bo‘lmasdi, - dedi baliqchi maʼnoli qilib.

Xulosa qilib aytganda yirik qomusiy olimlar inson va jamiyatning yaxshilikni qo‘lga kiritishi, axloqiy va aqliy kamolatga erishuvi inson va jamoaning o‘z qo‘lida ekanini taʼkidlab, rohat-farog‘at istagan kishi yashash va yaratish ishqi bilan ziynatlangan bo‘lishi darkor degan fikrni ilgari suradi. Alqissa, shu singari allomalarning fikrlari bilan tanishish, ularning ilm va hikmatlaridan ziynatlanish ayni paytda biz qurmoqchi bo‘layotgan erkin fuqarolik jamiyatining afzalliklarini anglash, kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘sib o‘tishning talab va shartlari bilan teran tanishish imkonini beradi.

HUQUQ VA BURCH

 

Agar huquq degan so‘zning zamiriga nazar tashlasak, u asosan ikki karra takrorlangan “uq” degan so‘zdan tashkil topganiga amin bo‘lamiz. Go‘yoki mana shu so‘zning o‘zi, uni uqish lozimligini takror va takror uqdirayotgandek bo‘lib tuyuladi. Zotan huquqini tanimaslik, inson sifatida o‘zini tan olmaslik bilan teng. Binobarin, mustaqillik yillari qo‘lga kiritgan esosiy natijalarimizdan biri, xalqimiz orasida o‘zlikni anglash jarayonlarining faollashuvida ko‘rinadi. Bu esa, inson omili ustuvor vazifa etib belgilangan davlatimiz siyosatida shaxsning huquq va erkinliklari qonun yo‘li bilan kafolatlangani, unga jamiyat taraqqiyotining birlamchi omili sifatida qarab kelinayotganining ifodasidir. Ammo, jamiyatda adolat tamoyillarining tantana qilmog‘i uchun shuning o‘zi kifoya qilmaydi. Oddiy qilib aytganda “Holva degan bilan og‘iz chuchimaydi!”. Bu jarayonda har bir fuqaroning bevosita ishtiroki bo‘lmog‘i lozim. Buning uchun har bir kishidan huquq va majburiyatlar borasida muayyan bilim va maʼlumotlarga ega bo‘lish talab etiladi. Shuning uchun ham alloma bobolarimiz, “Jamiyatda adolatli qonunlar amal qilgani holda, qozi-yu quzot odil bo‘lsa-yu, agar fuqaro o‘z haq-huquqini tanimasa – uning manfaatlari kamsitilgan bo‘lib qolaveradi”,- deganlar.

Bir rivoyatda aytilishicha, qonunlarga itoat haminqadar bo‘lgan bir yurtda ilmsiz bir kishi ilmiy doiraga peshvo  bo‘libdi. Uning og‘ziga nima kelsa, o‘ylamay-netmay gapirib yuboradigan odati bo‘lib, qo‘l ostidagi olimlarni ko‘p mulzam qilarkan. Ittifoqo boshqa bir mamlakatdan mehmonlar keladigan bo‘libdi. Ulamolar bezovta, bir amal qilmasalar rahnamo chuv tushirib qo‘yishi turgan gap. O‘ylab-o‘ylab bir qarorga kelishibdi. Uning oyog‘iga ip bog‘lab, bir uchini yonida bir olim kishi tutib turadigan bo‘libdi: mabodo nobop gap aytsa, olim ipni tortib uni to‘xtatishi lozim ekan. Boshliq ham shunga ko‘nibdi. Mehmonlar kelib, muzokoralar boshlangan chog‘ u dabdurustdan: “Xo‘sh, sizning yurtingizda itlar va mushuklarning ahvollari qalay?”  – deb savol beribdi. Olim darhol ipni tortib, ogohlantirgani bois, boshliq boshqa bir so‘z demabdi. Mehmonlarning ensasi qotib, bir-birlari bilan maʼnoli ko‘z urishtira boshlashibdi: “Bu qanaqa iltifot bo‘ldi?”.

          Shu kez olim o‘ng‘aysiz vaziyatdan chiqish uchun izoh berishga kirishibdi: “Muhtaram mehmonlar, boshlig‘imizning savollaridan hayron bo‘lmang! Bu zot o‘ta ilmli bo‘lganlari bois, har bir masalada mantiqqa tayanadilar. Zero, mamlakatda tinchlik va osoyishtalik, xalq faroavonligining qay darajada ekani itlar va mushuklarning ahvolida aks etib turadi. Binobarin, aholi go‘sht yesa, iti suyak chaynaydi, mushuklar ham odamlardan ortgani bilan kun kechiradi!” – debdi. Elchilar olimlar sardorining fahmu fasohatiga qoyil qolibdilar: “Nechog‘li purmaʼno so‘zlar!”.

Maqtovlardan iyib ketgan sardor olim tomonga egilib: “Shunchalar zo‘r gapirgan ekanman, nega ipni tortding?” – deb eʼtiroz bildirgan ekan.

Shu o‘rinda muhim bir masala kishining eʼtiborni o‘ziga jalb etadi. Yuqoridagi rivoyatning huquq mavzusiga nechog‘li taalluqligi ham kundek ravshan bo‘ladi. Abu Nasr Farobiy yozadi: “Inson inson bo‘lib, insoniy kamolotga erishishi uchun so‘zlash va kasb-hunarga muhtojdir”. Bilamizki bu ikki sifat mashaqqatli mehnat evaziga qo‘lga kiritiladi. Unga erishish uchun huzur-halovatdan kechish, ayrim huquqlarni cheklash, baʼzi bir erkinliklarni chegaralash talab etiladi. Alloma bobolarimiz taʼkidlaganlaridek, “Katta yaxshiliklarga ega bo‘lish uchun ozgina yaxshilikni boy berish”, ilm olish uchun ranj chekishga to‘g‘ri keladi.

 Allomalarning fikricha, insonlar yaxshi taomlar bilan taomlanish, kiyinish va hovli-joy qilishga shu qadar ishtiyoq bilan harakat qiladilarki, agar maʼnaviy ozuqa olishga ham shu qadar faollik ko‘rsatganlarida insoniy kamolotning eng baland cho‘qqilarini egallashga erishgan bo‘lar edilar.

          Ilm amal bilan ziynat kasb etadi. Abu Rayhon Beruniy ilmga amal, qonunga itoat – yuksak oliyjanoblik belgisi ekanini taʼkidlab, bu masalada Suqrotning o‘limini misol keltiradi. Uni eng oliy jazoga hukm qilganlarida shogirdlari va tarafdorlari olimni qochirmoqchi bo‘lishgan. U esa: “Men bir umr odamlarni qonunlarga itoatda bo‘lishga daʼvat etib keldim. Endi o‘zim undan bo‘yin tovlasam – qonun qadrsizlanadi”, – deb hukmning ijrosiga bosh tutib bergan ekan.

         Alqissa, insonning huquqi uning qay darajada chegaralanganligi bilan ham qiymat kasb etadi. Chunki, mutlaq erkinlik uning uchun zararli bo‘lishi shubhasiz. Oddiygina yosh bolaning xatti-harakatlarini misol olib qaraylik. Qo‘yib bersangiz nimalar qilmaydi u. Kerak-nokerak joyga burun suqadi.   Taqiqlab turilmasa hayoti uchun xavfli bo‘lgan narsalarga qo‘l tegizishdan ham qaytmaydi. Ota-onaning eʼtiborsizligi tufayli o‘ziga o‘zi ozor yetkazgan bolakaylarni ham ko‘p ko‘rganmiz. Shuning uchun ham bolalar hamisha kattalar nazoratida: “uni qilma, buni qil” tarzidagi ko‘rsatmalar taʼsiri ostida o‘sadilar. Bolaning erkin haraktlanish huquqi keragidan ortiq chegaralansa, masalan uni har qanday ehtmoldan ixota qilish maqsadida katakka solib qo‘ysangiz, bunday cheklov uni maʼnaviy tanazzuliga xizmat qiladi. Huquq mana shu jihatdan olib qaraganda yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlik, manfaat va zarar chegaralari orasidagi hayotdir. Huquqning eng oliy ko‘rinishi o‘zimiz o‘z illatlarimizdan, zararli odatlarimizdan naqadar himoya qilinganligimiz darajasi bilan belgilanadi. 

          Bolalar ulg‘ayib, katta bo‘lib borganlari sari, tabiiyki ota-onalar nazoratidan uzoqlashib boradilar. Endi ularning xatti-harakatlarini, yurish-turishlarini nazorat qilishda maktab va mahalla alohida o‘rin tutadi.   Agar mana shu jarayonda bolalarning huquqiy ongi, huquq va erkinliklar borasidagi bilimlari boyitib borilsa, qonunlar har qanday sharoitda ularning eng ishonchli rahnamosiga aylanadi: “nima mumkinu nima mumkin emas; nima foydali-yu, nima zararli” qonunlar taʼkidlab turadi. Odamlar hayot yo‘llarida bexos qoqilishdan asranadilar, uqubatga uchramaydilar. Huquq degani, odamiylik chegaralarini nazar-pisand qilmaydigan darajadagi erkinlik emasligini anglaydilar. So‘z erkinligi og‘izga kelgan narsani aljirayverish emasligini tushunib yetadilar. Oliy maʼlumot olish huquqi faqatgina diplomli bo‘lish degan maʼnoni anglatmasligini fahmlaydilar... Agar ana shu mezonlar buzilgan taqdirda o‘zgalarning huquqi paymol bo‘ladi.

          Masalan, mutaxassisligi bo‘yicha yaxshi o‘qimagan shifokor huzuriga shifo istab kelgan bemorga hech vaqt:  “Kechirasiz men o‘qimay, yo‘lini qilib diplom olganman! Shuning uchun bu masalada falonchiga uchrashing – tashxisni aniq qo‘yadi!” – demaydi. Xastaning malakali tibbiy xizmat olishga bo‘lgan huquqiga zid ravishda ish tutadi. Xuddiki, igna sanchib davolovchi no‘noq tabib, biri bo‘lmasa biri kerakli nuqtaga tushar deb, bemorning barmog‘iga elliktacha nina sanchgani kabi bu ham tavakkalga tayanadi. Tavakkal esa hamisha ham o‘zini oqlayvermaydi.

          Demakki huquqiy-demokratik davlat barpo etishning asosiy shartlaridan biri, bu – fuqarolarning huquqiy ongini o‘stirishdan iborat. Didi va dunyoqarashi  yuksak darajada kamol topgan kishilar esa, eng asosiysi ko‘ziga ko‘ringan har bir yaltiroq narsaga uzalavermaydi, har qanday daʼvatning ortidan ergashib ketavermaydi. Bu hayotda ko‘pdan-ko‘p huquqlarga ega ekani barobarida, shunga yarasha burch va majburiyatlari borligini ham his qilib yashaydi. Zotan osmon cheksizlik qadar keng, ummonlar sarhadsiz –mayoqlar borligi uchun kemalar harakat yo‘lidan chalg‘imay manzilga yetadi. Binobarin, qonunlar jamiyatda xuddi ana shunday vazifani – kishilarning hayot yo‘llarida chalg‘imasliklari uchun yo‘lchi yulduz vazifasini bajaradi.

SHUKRONALIK

Inson – mulki borliqning gultoji, eng oliy fazilatlar sohibi sanaladi. Shukronalik esa ana shu safdagi sara sifatlar sirasiga kiradi.

Mavzuimiz shukronalik hissi yoki u insonning botini va zohirida qay yo‘sin namoyon bo‘lishi haqida.

Uyqu – tabiiy hodisa. Ertangi kun uchun quvvat to‘plash omillaridan biri. Shuning uchun ham uxlash ayb emas, shart. Faqat g‘aflatga botib qolmaslik lozim. El-yurt, oila tashvishi zimmasida bo‘lgan odam esa sergak yotadi. Har qanday vaziyatda g‘aflatda qolmaydi. 

Cho‘lli cho‘ponning qulog‘iga yer ostidan guldiragan tovush eshitildi. Yostig‘ini surib qulog‘ini yana ham yerga yaqinroq tutdi. So‘ng sapchib o‘rnidan turdi-da, xotini va bolalarini uyg‘otdi. Vaqt g‘animat, faqat eng zarur narsalarni olib, oilasini qirning baland joyidagi tepalikka, xavfsiz joyga ko‘chirdi. Adashmagan ekan, hademay tog‘ tomondan o‘ynoqilab kelayotgan sel uning turar joyini tag-tugi bilan yuvib ketdi.

Yordamga kelgan qo‘ni-qo‘shni ajib bir manzaraning guvohi bo‘lishdi. Cho‘lli cho‘pon bir chekkada cho‘kkalab olib, mayus nigohlarini bir nuqtaga tikkancha nuqul: “Shukur... ming qatla shukur... yaratganga shukur!” - deya deyarli bitta so‘zni takrorlab turardi. “Esi og‘ib qopti chamasi”...  Axiyri bir kishining sabri chidamadi: “Ey, birodar esingni yig‘ishtirib ol, axir shundoqqina ko‘z o‘ngingda butun boshli mol-mulking suvda oqib ketyapti-ku, nimasiga shukur deysan?”

Kuyinchaklik qilayotgan kishining ohangi zardali edi. Cho‘lli cho‘pon boshini ko‘tarib, maʼnoli nigohini unga qaratdi.

–  Men suvda oqqan molimga emas, saqlanib qolgan jonimga shukur qilyapman. – u oila aʼzolari turgan tomonga bir qarab oldi-da, – badtar bo‘lishi ham  mumkin edi-ku, –  deb qo‘shib qo‘ydi. So‘ng, tetiklashib  o‘rnidan bardam turdi va: “Jon omon bo‘lsa mol topiladi, birodar” dedi ishonch bilan.

25772 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech