Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

12 Iyun 2023

Qashqadaryo viloyatida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti o‘tkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-102-sonli qaroriga muvofiq, 1001 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1046 ta koʻchmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga chiqarilishi, shuningdek, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi barcha fuqarolar va investorlarga qatnashish imkoniyati taqdim etish maqsadida “bitta aksiya – bitta lot tamoyili asosida “xalqchil IPO orqali taklif etilishi belgilangan.

Hududlarda mazkur qaror mazmun-mohiyatini tushintirish va targʻibot qilish ishlarini jadallashtirish maqsadida, joriy yilning 9-iyun kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Qashqadaryo viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari toʻgʻrisida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi.

Ushbu tadbirda 300 nafardan ziyod mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalarning vakillari, tadbirkor va investorlar ishtirok etdi.

“Roadshow” taqdimoti Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori oʻrinbosari Bekzod Usmonov, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Sherzod Boʻriyev hamda viloyat hokimining oʻrinbosari Alisher Qodirov boshchiligida boʻlib oʻtdi.

“Roadshow” ishtirokchilariga Davaktiv agentligi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2022-yil davomida xususiylashtirish dasturlariga muvofiq jami 181 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilganligi, shundan 29 ta davlat aktivlari 39,9 mlrd. soʻm qiymatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganligi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, 2022-yil davomida tadbirkorlar va fuqarolar uchun 4590 ta 151,9 gektar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, shundan 1211 ta 56,4 gektar yer uchastkalari 27,0 mlrd.soʻmga sotilishiga erishilgan.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-102-sonli qaroriga muvofiq, ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan Qashqadaryo viloyatidagi jami 164 ta davlat va davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining aktivlari, shundan 99 ta koʻchmas mulk obyektlari, jumladan, “bitta aksiya – bitta lot tamoyili asosida Minora qurish ekspeditsiyasi” AJning 11,1 foiz aksiya paketlari “xalqchil IPO”ga chiqarilishi yaqindan tanishtirildi.

Bundan tashqari, tadbir qatnashchilariga avvaldan doimiy foydalanish yoki umrbod egalik qilish huquqi asosida oʻzlariga tegishli boʻlgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi boʻyicha tushuntirishlar berildi.

Oʻz oʻrnida, Davaktiv agentligi mutasaddilari tomonidan qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish boʻyicha master-klass oʻtkazilib, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy, ham amaliy tushuntirildi.

Koʻtarinki ruhda va savol-javoblarga boy oʻtgan “Roadshow” davomida Davaktiv agentligi direktori oʻrinbosari Bekzod Usmonov va viloyatning boshqa mutasaddi rahbarlari tadbir qatnashchilari va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga batafsil javoblar berib oʻtdilar.

Tadbir yakunida, Davaktiv agentligi tomonidan bir qator davlat organlarining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmalari namunali hamkor tashkilot sifatida eʼtirof etildi. Oʻz oʻrnida, bir qator tuman hokim yordamchilari davlat aktivlari sohasida koʻrsatayotgan faolliklari uchun tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

Shu bilan birga, kunning ikkinchi yarmida OAV vakillari uchun Press-tur ham tashkil etilib, davlat aktivlarini sotib olgan tadbirkorlar tomonidan ushbu obyektlar negizida bajarilgan ishlar, shuningdek sotuvga chiqarilgan davlat aktivlari joyiga chiqqan holda oʻrganildi.

Shu kabi tadbirlar bugungi kunga qadar Fargʻona, Andijon, Namangan va Navoiy viloyatlarida oʻtkazildi, shuningdek yil davomida respublikamizning qolgan barcha viloyatlarida, Toshkent shahrida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

1430 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech