Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

31 Avgust 2023

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 28-avgust sanasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtti.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Oʻzbekistonni barqaror rivojlantirish yoʻlidagi strategik hamkoriga aylanib ulgurgani, bunda, ijobiy hamkorlik natijalarining isboti sifatida, joriy yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik anjumani Samarqand shahrida oʻtkazilganligi Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortikov tomonidan taʼkidlab oʻtildi.

Shu bilan birga, YeTTB davlat aktivlarini boshqarish sohasini isloh qilishda ham faol ishtirok etayotgani, xususan davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarishning fundamental huquqiy asosiga aylangan Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisidagi Qonunni, qolaversa, korporativ boshqaruv yoʻnalishida muhim ahamiyatga ega dividend siyosati, axloq kodeksi va boshqa hujjatlarni ishlab chiqishda yaqindan hamkorlik qilgani eʼtirof etildi.

Shu oʻrinda, Oʻzbekiston va YETTB aloqalari sezilarli darajada ijobiy tomonga oʻzgarishida va hamkorlik koʻlami kengayishida YETTBning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinosning oʻrni muhim ekanligi eʼtirof etilib, unga boshqa ishga oʻtayotganligi munosabati bilan yangi lavozimida yanada muvaffaqiyatlar, yuksak marralar va natijalarga erishish yuzasidan tilak bildirdi.

Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortikov soʻzining davomida Andi Aranitasini joriy yil 1-sentyabrdan YETTBning Oʻzbekistondagi rahbari lavozimiga kirishayotganligi bilan samimiy tabriklab, YETTB va Oʻzbekiston hukumati oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni boshlashda muvaffaqiyatlar tilab, mavjud imkoniyatlarni inobatga olgan holda, yangi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va hamkorlik aloqalari yanada jadallashishiga ishonch bildirdi.

Bunga muvofiq, Alkis Drakinos tomonidan Davaktiv agentligi bilan amalga oshirilayotgan loyihalar koʻlami va ularning ahamiyati chindan mamlakat ravnaqi yoʻlida muhim oʻringa ega ekanligi, YETTBning Oʻzbekistondagi yangi rahbari bilan mazkur hamkorlik aloqalari yanada rivojlanishini bildirdi.

Oʻz navbatida, Andi Aranitasi Davaktiv agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, xususiylashtirish sohasida erishilgan natijalarni yuksak eʼtirof etib, har qanday istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

Shuningdek, tomonlar hamkorlikda amalga oshirilayotgan joriy loyihalarni jadallashtirish mexanizmlari va qoʻshma harakatlarini atroflicha muhokama qilib, yangi istiqbolli tashabbuslarini birgalikda ishlab chiqish maqsadida faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

1397 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech