Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

22 Dekabr 2023

Davaktiv agentligida "Rahbar va yoshlar" ochiq muloqoti tashkil etildi

Joriy yil 22-dekabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi binosida Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortikov ishtirokida tizimidagi yoshlar bilan "Rahbar va yoshlar" ochiq muloqoti tashkil qilindi. Mazkur tadbir markaziy apparat, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlarining 200 dan ortiq yoshlari ishtirokida boʻlib oʻtdi.

A.Ortikov Prezidentimiz tomonlaridan yoshlar masalasiga juda katta eʼtibor qaratilayotganligi va bu masala davlat siyosati darajasiga koʻtarilganligini taʼkidlab oʻtdi. Birinchi navbatda, zamonaviy taʼlim tizimini yaratish bugungi kundagi eng muhim vazifa sifatida qaralib, uning barcha darajasida katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Uchinchi Renesans poydevorini yaratish maqsad qilib belgilanganligi eslatib oʻtildi.

Davaktiv agentligi jamoasida ham yoshlar oʻz oʻrniga ega ekanligi taʼkidlandi. Jumladan, bugungi kunda, Davaktiv agentligi tizimida 229 nafar 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar faoliyat koʻrsatib kelayotgan boʻlsa (jami tizimdagi xodimlarning 24 foizi), ulardan 18 tasi rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib bormoqda.

Oʻtgan davrda yoshlarning bilim va malakasini oshirish, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimda muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan:

  • Agentlik tizimidagi yoshlarning bilim va salohiyatlarini oshirish maqsadida, Agentlik yosh xodimlari Xitoy Xalq Respublikasida “Oʻzbekistonning davlat korxonalarini isloh qilish” mavzusida oʻtkazilgan seminarda qatnashdi;
  • Agentlikning yana bir yosh xodimi Buyuk Britaniyaning London shahrida oʻtkazilgan Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya savdo va sanoat kengashining (UBTIC) navbatdagi 27-yigʻilishi hamda Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya biznes-forumida qatnashdi;
  • Yana bir yosh xodim Shveysariyaning Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha Ishchi guruhining oltinchi va yettinchi yigʻilishlarida ishtirok etishdi;
  • Yana bir yosh xodim Germaniya Federativ Respublikasida hamkorlik memorandumi doirasida tashkil etilgan delegatsiya tarkibida ishtirok etib, xorijiy davlatlar tajribalarini oʻrganib qaytdi.

Tadbir davomida Davaktiv agentligining bir qator yosh xodimlari oʻz maʼruzalari bilan ham ishtirok etdi va oʻzining tajribasi va yoshlarga yaratilgan sharoitlar haqida soʻz yuritdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2023-yil 11-aprel kuni oʻtkazilgan yigʻilishdagi topshiriqlarga muvofiq, Davaktiv agentligiga biriktirilgan 40 nafar uyushmagan yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish orqali ularning bandligini taʼminlash, ijtimoiy muammolarini hal etish boʻyicha ham olib borilayotgan ishlar taʼkidlanib oʻtildi.

Jumladan, oʻtgan davrda ularning 16 nafariga homiylik asosida ustachilik anjomlari, kompyuter jihozlari, dori-darmonlar, shifoxonada davolanish, oʻquv kurslari uchun toʻlovlar va boshqa ehtiyojlari boʻyicha amaliy yordamlar koʻrsatildi.

Bundan tashqari, kuni kecha, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan davlat boshqaruvini raqamlashtirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida, chet tili va texnologiyalarni biladigan kadrlar zarurligi hamda “Raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbar – korrupsiyani yoʻq qilishga intilmagan rahbar” deb taʼkidlab oʻtilganligi eslatib oʻtildi.

Zamonaviy yoshlar sifatida, Davaktiv agentligida ham raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish va sohada yangi axborot tizmimlarini joriy etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, Davaktiv agentligi markaziy apparatida oʻz faoliyatini yosh mutaxassis boʻlib boshlagan va koʻp yillar davomida tajriba orttirib, Davaktiv agentligi direktori oʻrinbosari darajasigacha chiqqan Alisher Miraliyev haqida ham soʻz yuritildi va uning tajribasi yoshlarga oʻrnak bo'lishi kerakligi keltirildi.

Tadbir so‘ngida, Davaktiv agentligining eng faol va izlanuvchan yoshlari tomonidan takliflar bildirildi hamda ularga fahriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

2000 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech