Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

07 Iyul 2023

Davaktiv agentligi vakillari Toshkentda boʻlib oʻtgan “Oʻzbekistonda kapital bozori: tavakkalchilik va imkoniyatlar” konferensiyasida ishtirok etishdi

Joriy yil 4-iyul kuni "Kursiv" munozara platformasi tomonidan bozor istiqbollarini muhokama qilish maqsadida “Oʻzbekistonda kapital bozori: tavakkalchilik va imkoniyatlar” konferensiyasi tashkil qilindi. Mazkur tadbirda davlat idoralari, xalqaro konsalting kompaniyalari, brokerlik kompaniyalari, banklar vakillari va ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etishdi.

Birinchi panel muhokamasida Oʻzbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish yoʻllaridan biri sifatida "Xalq IPO"si mavzusi muhokama qilindi. Mazkur muhokamada Davaktiv agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Miraliyev oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etdi.

Oʻz nutqida A.Miraliyev davlat ishtirokidagi korxonalarning aksiyalari bilan "Xalq IPO"sini oʻtkazishdan asosiy maqsad ushbu jarayonlarga iloji boricha aholining keng qatlamini jalb qilish, aholi uchun qoʻshimcha daromad manbalarini yaratish, ularda mulkdorlik hissini uygʻotish hamda yirik korxonalarning faoliyati ochiqligi va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish hisoblanishini taʼkidlab oʻtdi.

Shu oʻrinda, “bitta aksiya - bitta lot” tamoyili asosida "Xalq IPO"sini oʻtkazish taklif etilayotgan korxonalar ularning daromadliligi, oʻziga xos tarixga ega ekanligi, aholida ularning faoliyati toʻgʻrisida tushuncha borligi hamda xalqaro reyting ega boʻlish va xalqaro fond birjalariga chiqish boʻyicha rejalariga qarab tanlab olinganligi qayd etildi.

Bundan tashqari, "Xalq IPO"sini oʻtkazish orqali fond bozorida qimmatli qogʻozlar savdosi aylanmasini rivojlantirish ham asosiy maqsadlardan biri hisoblanishi eslatib oʻtildi.

Daromadi boshqa xar qanday tashkilotlarga nisbatan koʻp boʻlgan va mamlakat iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega boʻlgan bu kabi yirik kompaniyalarning aksiyalariga "Xalq IPO"si uchun buyurtmalar soddalashtirilgan tartibda “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali shakllantirilishi, shuningdek “E-auksion” platformasidan foydalanish qulayliklari va afzalliklari bilan konferensiya ishtirokchilari taʼnishtirildi.

Oʻz oʻrnida, Strategik islohotlar agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Abdulla Abduqodirov birinchi panel muhokamasining savol-javob qismida soʻz olib, ikki Agentlik yaqin xamkorligida barcha mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda "Xalq IPO"si muvaffaqiyatli oʻtishiga ishonch bildirdi.

Maʼlumot uchun: Kursiv — Markaziy Osiyo biznes kun tartibi eksperti. Medianing Oʻzbekiston va Qozogʻistonda vakolatxonalari mavjud boʻlib, tahririyat mintaqa mamlakatlaridagi makroiqtisodiyot va biznes haqida yozadi.

1377 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech