Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

28 Iyul 2023

Xorazm viloyatida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagiIqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi PQ-102-sonli qaroriga muvofiq, 1001 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1046 ta koʻchmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga chiqarilishi, shuningdek, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi barcha fuqarolar va investorlarga qatnashish imkoniyati taqdim etish maqsadida “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida “Xalq IPO”si orqali taklif etilishi belgilangan.

Hududlarda mazkur qaror mazmun-mohiyatini tushintirish va targʻibot qilish ishlarini jadallashtirish maqsadida, joriy yilning 28-iyul kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Xorazm viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari toʻgʻrisida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi.

Ushbu tadbirda 200 nafardan ziyod mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalarning vakillari, tadbirkor va investorlar ishtirok etdi.

“Roadshow” taqdimoti Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Miraliyev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Shuxrat Raximov hamda viloyat hokimi birinchi o'rinbosari Murodjon Achilov  boshchiligida boʻlib oʻtdi.

“Roadshow” ishtirokchilariga Davaktiv agentligi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2022-yil davomida xususiylashtirish dasturlariga muvofiq jami 83 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilganligi, shundan 36 ta davlat aktivlari 36,9 mlrd. soʻm qiymatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganligi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, 2022-yil davomida tadbirkorlar va fuqarolar uchun 4933 ta 303,1 gektar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, shundan 998 ta 30,5 gektar yer uchastkalari 17,5 mlrd.soʻmga sotilishiga erishilgan.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-102-sonli qaroriga muvofiq, ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan Xorazm viloyatidagi jami 80 ta davlat va davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining aktivlari, shundan 51 ta koʻchmas mulk obyektlari yaqindan tanishtirildi.

Bundan tashqari, tadbir qatnashchilariga avvaldan doimiy foydalanish yoki umrbod egalik qilish huquqi asosida oʻzlariga tegishli boʻlgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi boʻyicha tushuntirishlar berildi.

Oʻz oʻrnida, Davaktiv agentligi mutasaddilari tomonidan qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish boʻyicha master-klass oʻtkazilib, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy, ham amaliy tushuntirildi.

Koʻtarinki ruhda va savol-javoblarga boy oʻtgan “Roadshow” davomida Davaktiv agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Miraliyev va viloyatning boshqa mutasaddi rahbarlari tadbir qatnashchilari va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga batafsil javoblar berib oʻtdilar.

 Shu bilan birga, kunning ikkinchi yarmida OAV vakillari uchun Press-tur ham tashkil etilib, davlat aktivlarini sotib olgan tadbirkorlar tomonidan ushbu obyektlar negizida bajarilgan ishlar, shuningdek sotuvga chiqarilgan davlat aktivlari joyiga chiqqan holda oʻrganildi.

Mazkur tadbir keyingi oʻrinlarda Xorazm viloyatining barcha tuman va shaharlarida davom etadi.

Shuningdek, shu kabi tadbirlar bugungi kunga qadar Fargʻona, Andijon, Namangan, Navoiy, Qashqadaryo hamda Buxoro viloyatlarida oʻtkazildi hamda yaqin kunlarda respublikamizning qolgan barcha viloyatlarida, Toshkent shahrida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

1460 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech