Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

06 Dekabr 2022

Davaktiv agentligi oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi kurs talabalarini stajirovka o‘tashlari uchun tanlov e’lon qiladi

Davaktiv agentligi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tizimi tashkilotlari tomonidan Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi” doirasida oliy taʼlim muassasalarining iqtisodiyot, moliya, korporativ boshqaruv yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriatura va magistratura bitiruvchi kursida taʼlim olayotgan qobiliyatli yoshlarni stajirovka o‘tash uchun tanlovga taklif qiladi.

Tanlovda taʼlim muassasalari tomonidan tavsiya qilinadigan (talabaning baholash daftarchasidan ko‘chirma asosida) yuqori reyting natijalariga ega, tashabbuskor, shuningdek davlat fuqarolik xizmatchisi odob-ahloqiga qo‘yilgan talablarga javob beradigan talabalar ishtirok etishlari mumkin.

Tanlov quyidagi bosqichlarda o‘tkaziladi:

  • nomzodlarning rezyumelarini ko‘rib chiqish;
  • test sinovlarini o‘tkazish;
  • suhbat orqali eng munosib talabalarni tanlab olish.

Test sinovlari Davaktiv agentligi bilan hamkorlikda oliy taʼlim muassasalarida o‘tkaziladi. Test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etiladigan amaldagi testlarga nisbatan soddalashtirilgan tartibda bo‘lib o‘tadi.

Stajorlikka nomzod talabalar test savollari umumiy ko‘rsatkichining kamida 71 foizidan yuqori ball to‘plashi imtihon natijalarini ijobiy deb topish uchun asos bo‘ladi.Test sinovlari o‘tkazilishi to‘g‘risida o‘rnatilgan tartibda xabardor qilingan lekin unda ishtirok etmagan nomzodlar testdan o‘tmagan hisoblanadi.

Test sinovlari hamda suhbat o‘tkazilishi to‘g‘risida nomzodlarga jarayonlar boshlanishidan besh kun oldin habar beriladi.

Test va Tanlov komissiyasi suhbatidan muvaffaqiyatli o'tgan talabalar 2023 yilning 9 yanvaridan boshlab  haftada besh kun soat 14:00 dan 18:00 gacha (darsdan bo‘sh vaqtda) 6 oy davomida Agentlikning markaziy apparatining asosiy yirik tarkibiy bo‘linmalarida Shaxsiy ish-reja asosida stajirovka o‘taydilar.

Stajirovka davrida talabalarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2 barobarigacha bo‘lgan miqdorda haq to‘lanadi.

Agentlik markaziy apparatiga 10 nafar, uning hududiy boshqarmalariga 2 nafardan talaba stajirovkaga qabul qilinadi. 

Stajirovka natijalariga ko‘ra eng iqtidorli talabalarga sertifikat taqdim etiladi, shuningdek, ular Agentlikning markaziy apparati va hududiy boshqarmalardagi vakant lavozimlarga e’lon qilingan tanlovlarda test sinovlarisiz, suhbat jarayonida ishtirok etishga tavsiya qilinadilar.  

Hududlarda joylashgan Oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun stajirovka yuqoridagi tartibda agentlikning hududiy boshqarmalarida tashkil qilinadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar quyidagi elektron manzillarga o’zlari to’g’risidagi ma’lumotnomani (rezyume) joriy yil 16 dekabrga qadar yuborishlari zarur.

  1. Markaziy apparat personnel@davaktiv.uz, tel: +71 259-22-82
  2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi qqr@davaktiv.uz, tel: +61 222-00-63
  3. Andijon viloyati andijan@davaktiv.uz, tel: +74 223-61-97
  4. Buxoro viloyati buxoro@davaktiv.uz, tel: +65 221-70-55
  5. Jizzax viloyati jizzax@davaktiv.uz, tel: +72 226-57-85
  6. Qashqadaryo viloyati qashqadaryo@davaktiv.uz, tel: +75 225-02-39
  7. Namangan viloyati namangan@davaktiv.uz, tel: +69 233-53-90
  8. Navoiy viloyati navoiy@davaktiv.uz, tel: +79 220-61-97
  9. Samarqand viloyati samarqand@davaktiv.uz, tel: +91 519-52-29
  10. Sirdaryo viloyati sirdaryo@davaktiv.uz, tel: +67-226-53-16
  11. Surxondaryo viloyati surxondaryo@davaktiv.uz, tel: +76 223-39-21
  12. Farg‘ona viloyati fargona@davaktiv.uz, tel: +73 244-18-59
  13. Xorazm viloyati xorazm@davaktiv.uz, tel: +62 223-08-67
  14. Toshkent viloyati toshvil@davaktiv.uz, tel: +70 202-03-81
  15. Toshkent shahar toshkent@davaktiv.uz, tel: +90 991-73-43

Stajirovka masalasida savollarga javob olish uchun Agentlikning Inson resurslari va xodimlar salohiyatini rivojlantirish boshqarmasiga (71) 259-22-82, 259-20-10, 259-20-40 telefon raqamlari orqali  murojaat qilishingiz mumkin.

2324 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech