Ру Ўз O'z En

Investorlar uchun eslatma

Davlat aktivlariga investitsiya kirtish va investitsiya kiritishni monitoring qilish quyidagi normativ huquqiy xujjatlar asosida tartibga solinadi:

  • O‘zbekiston Respublikasining “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni;
  • O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonuni;
  • O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi;
  • O‘zbekiston Respuyulikasi Prezidentining 03.07.2014 yildagi PQ-2200-son qarori;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 16.07.2017 yildagi PQ-3067-son qarori;
  • O‘zbekiston Respuyulikasi Prezidentining 11.10.2018 yildagi PF-5552-son farmoni;
  • O‘zbekiston Respuyulikasi Prezidentining 14.01.2019 yildagi PQ-4112-son qarori;
  • O‘zbekiston Respuyulikasi Prezidentining 19.02.2019 yildagi PF-5666-son farmoni;
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 06.10.2014 yildagi 279-son qarori;
  • O‘zbekiston Respuyulikasi Prezidentining 27.10.2020 yildagi PF-6096-son farmoni.

Investorning majburiyatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 06.10.2014 yildagi 279-son qaroriga asosan xaridor:

  • Sotuvchiga hisobot oyning keyingi oyining 1-sanasidan kechikmasdan, ularni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bajarilishi to‘g‘risida oylik axborot va choraklik hisobotni taqdim etishi;
  • Davlat mulki ob’ektining oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan faqat investitsiyaviy majburiyatlarni bajarish uchun foydalaniladigan pul mablag‘larini jamlash uchun belgilangan tartibda maxsus hisob raqami ochishi;
  • Agar xaridor jismoniy shaxs bo‘lgan taqdirda, davlat mulki ob’ektining oldi-sotdi shartnomasi kuchga kirgandan keyin oltmish kun mobaynida investitsiyaviy majburiyatlari bajarilishi nazarda tutiladigan yuridik shaxs tashkil etishi;
  • Investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni davlat mulki ob’ektining oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatlarda, miqdorlarda va turlarda bajarishi;
  • Balansda saqlovchi bilan birgalikda sotib olinayotgan davlat mulki ob’ekti mavjudligini tasdiqlash va holatini tekshirishda hamda topshirish-qabul qilish dalolatnomasi imzolashda ishtirok etishi;
  • Shartnomada belgilangan muddatda davlat mulki ob’ektining sohasini saqlashi, agar bu hududiy tanlov komissiyasi qarori bilan nazarda tutilgan bo‘lsa;
  • Mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderiga “tasarruf etish huquqi bilan” belgisi kiritilgandan keyin qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sotib olingan davlat mulki ob’ektiga huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlashi shart.
  • Investitsiya majburiyatlarining bajarilishi investitsiyalarning ob’ektga kelib tushgan sana, investorning balansiga qabul qilingan sana bo‘yicha hisobga olinadi.
  • Investitsiya majburiyatlari to‘liq bajarilgunga qadar xaridor sotilgan davlat mulki ob’ektining, shu jumladan uning tarkibiga kiradigan mol-mulki, unga bo‘lgan mulk huquqini olish paytiga qadar saqlanishini ta’minlashi shart.
  • Ob’ektga nisbatan mulk huquqi xaridorga majburiyatlar to‘liq bajarilgandan so‘ng hamda mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderiga “tasarruf etish huquqi bilan” belgisi kiritilgandan keyin o‘tadi.
  • Investitsiya majburiyatlarini bajarilishi to‘g‘risidagi xisobotlarga quyidagilar kiradi:
  • To‘lov topshiriqnomalarining nusxalari, yuk bojxona deklaratsiyalari, taqqoslash dalolatnomalari, bajarilgan ishlar dalolatnomalari, topshirish-qabul qilish dalolatnomalari, o‘rnatish dalolatnomalari, asbob-uskunalarning foydalanishga topshirilganligi dalolatnomalari, ularning texnik holatini ko‘rsatgan holda;
  • Xaridor tomonidan investitsiya dasturi bajarilishi to‘g‘risida, shu jumladan hisobot taqdim etish sanasida ularga nazarda tutilgan moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarning bajarilishi to‘g‘risida axborot;
  • Ob’ektning sotishdan oldingi hamda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishi to‘g‘risida hisobot taqdim etish paytidagi moliyaviy-iqtisodiy ahvoli haqidagi ma’lumotlar;
  • Shartnomada belgilangan hajmda mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar.
  • Agar davlat mulki ob’ektida davlat strategiya zaxirasi moddiy resurslari, fuqaro muhofazasi va safarbarlik ahamiyatiga molik ob’ektlar va mol-mulk mavjud bo‘lsa, xaridor shartnoma asosida saqlashga mas’ullikka qabul qilingan fuqaro muhofazasi va safarbarlik ahamiyatiga molik ob’ektlar va mol-mulklar, davlat strategiya zaxirasi moddiy resurslari saqlanishini, shuningdek belgilangan tartibda ularga to‘siqlarsiz kirishni ta’minlaydi.
  • Xaridor davlat mulki ob’ektining oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq qabul qilgan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar to‘liq bajarilgunga qadar tashkil etilgan korxonani tugatish yoki bankrot qilishga qaratilgan yoki yo‘l qo‘yadigan xatti-harakatlar qilmasligi shart.
  • Shuningdek, xaridor tomonidan majburiyatlar to‘liq bajarilgandan so‘ng sotuvchiga investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishi tugallanganligi to‘g‘risidagi yozma axboroti hamda shartnoma shartlariga muvofiq mustaqil auditorlik va (yoki) baholovchi tashkilot hisobotlari taqdim etilishi lozim.

Oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq majburiyatlarni bajarish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 06.10.2014 yildagi 279-son qaroriga asosan xaridor tomonidan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar davlat mulki ob’ektining oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq qabul qilinadi va quyidagi yo‘llar bilan amalga oshiriladi:

  • O‘tkazilgan pul mablag‘lari va xaridorning faoliyatidan olingan foydani, shu jumladan, uning ulushiga hisoblangan dividendlarni qayta investitsiyalash;
  • Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash uchun xom ashyo va materiallar, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar yetkazib berish;
  • Ta’mirlash va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish;
  • Ishlab chiqarishni rekonstruksiya qilish;
  • Investitsiyalash ob’ektining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti oldidagi qarzlarini, kreditlar va boshqa majburiyatlarini to‘liq yoki qisman to‘lash;
  • Mahsulotlar, ishlar va xizmatlarning muayyan turini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish;
  • Nou-xauni, intellektual mulkning boshqa turlarini joriy etish;
  • Kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlashga xarajat qilish;
  • Faoliyat sohasini saqlab qolish;
  • Konun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa shakllar.

Davlat mulki ob’ektiga nisbatan xaridorning investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlari ularni bajarish muddatlariga ega bo‘lishi kerak. Investitsiya majburiyatlari qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadigan qiymat bahosiga ham ega bo‘lishi kerak.

Investitsiya majburiyatlarini korxonaning buxgalteriya xisobida aks ettirilishi

  • Qonunchilik talablari va oldi sotdi shartnomalariga muvofiq xaridor tomonidan investitsiya majburiyatlari bajariladi, bunda barcha turdagi investitsiya majburiyatlari korxonaning buxgalteriya hisobida o‘z aksini topadi.
  • Investitsiya majburiyatlarining bajarilishi investitsiyalash korxonasiga investitsiyalar kelib tushgan va Xaridorning balansida hisobga olingan sana bo‘yicha hisobga olinadi.
  • Investor tomonidan investitsiya majburiyati sifati o‘z mulklari (qurilish materiallari, asosiy vositalar, butlovchi qismlar, jihozlar va boshqa turdagi qiymatliklar) kiritilgan taqdirda ularni buxgalteriya balansida aks ettirish korxonaning “Ustav fondi”ni oshirish orqali amalga oshiriladi.

Korxonaning o‘zgartirish kiritilgan (oshirilgan) Ustavi tegishli davlat organi tomonidan qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini qabul qilish tartibi

Xaridor tomonidan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini qabul qilish shartnomada nazarda tutilgan davriylikka muvofiq amalga oshiriladi.

Birinchi qadam. Investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini qabul qilish sotuvchi tomonidan xaridorning investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishi to‘g‘risidagi yozma axboroti asosida amalga oshiriladi, bunda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning to‘liq hajmda bajarilganligini qabul qilish xaridorning ko‘rsatib o‘tilgan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishi tugallanganligi to‘g‘risidagi yozma axboroti hamda shartnoma shartlariga muvofiq mustaqil auditorlik va (yoki) baholovchi tashkilot hisoboti olingan kundan boshlab bir oy oydan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladi.

Ikkinchi qadam. Investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini qabul qilishni tashkil etish maqsadida sotuvchi investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini qabul qilish bo‘yicha komissiya tashkil qiladi.

Ma’lumot tariqasida. Komissiya tarkibiga quyidagilar kiradi: sotuvchining vakili, shartnoma qatnashchisining va manfaatdor tomonning (agar shunday tomon mavjud bo‘lsa) vakili, tegishli mahalliy davlat hokimiyati organining vakili, investitsiyalash ob’ektining vakili, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hududiy bo‘linmalarining vakili, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining vakili (shartnomada tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlar mavjud bo‘lgan taqdirda), hududiy qurilish sohasida hududiy nazorati inspeksiyasining vakili (ta’mirlash va qurilish-montaj, ishlab chiqarishni rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish tarzida investitsiya kiritilgan taqdirda), zaruriyat bo‘lganda, kelishuv bo‘yicha, davlat organlari, banklar, xo‘jalik boshqaruvi tarmoq organlarining xodimlari va boshqa mutaxassislar

Eslatma. Sotuvchi Komissiya bilan kelishgan holda xaridor tomonidan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishi to‘g‘risida taqdim etilgan hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish uchun shartnoma asosida mustaqil ekspertni (baholovchi, auditorlik, moliyaviy, konsalting tashkilotini) jalb etishi mumkin.

Uchinchi qadam. Komissiya o‘z ishlari natijalari bo‘yicha investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarilgan yoki bajarilmagan deb e’tirof etish to‘g‘risida asoslangan qaror qabul qiladi.

 

Xaridorning (investorning) shartnoma shartlarini buzganligi (bajarmaganligi) uchun javobgarligi

Xaridor tomonidan shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda sotuvchi:

  • Xaridorga sotib olish to‘lovlarini kiritish muddatlarining yo‘l qo‘yilgan buzilishlari mavjudligi va (yoki) shartnomada tegishli axborot taqdim etish nazarda tutilgan muddatlarda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish to‘g‘risida yozma talabnoma (bildirishnoma) jo‘natadi;
  • Sotib olish to‘lovlarini kiritishning har bir o‘tkazib yuborilgan kuni uchun shartnomaga muvofiq penya hisoblab yozadi;
  • Shartnoma shartlariga muvofiq xaridordan jarima ushlab qoladi;
  • Agar xaridor tomonidan shartnomada nazarda tutilgan muddat o‘tgandan keyin uch oy mobaynida sotib olish to‘lovlari va (yoki) investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning navbatdagi qismi shartnomada nazarda tutilgan hajmda kiritilmagan bo‘lsa, belgilangan tartibda shartnomani bekor qilish tashabbusi bilan chiqadi.

Jarimani qo‘llash miqdori va tartibi, shuningdek shartnomani bekor qilish shartlari shartnomada ko‘rsatiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech