Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

20 Noyabr 2024

“Xalqchil IPO” dasturi doirasida “OʻzRTXB” aksiyalarini ommaviy joylashtirish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlandi

Avval xabar berilganidek, keng aholi qatlamlarida minglab mulkdorlar va aksiyadorlar paydo boʻlishiga imkoniyat yaratish maqsadida, “Xalqchil IPO” dasturi doirasida mamlakatning yetakchi davlat kompaniyalarining aksiyalarini ommaviy taklif etishning yangi bosqichi boshlangan.

Joriy yil 26-sentabr kuni “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ (keyingi oʻrinlarda – OʻzRTXB) 4,44 foizi (3 326 031 dona) aksiyalarining ommaviy joylashtirilishi boshlangan va joriy yil 8-noyabr kuniga qadar davom etgan.

“Xalqchil IPO” dasturi doirasida KPMG xalqaro konsalting kompaniyasi Strategik konsultant sifatida va “KAP DEPO” investitsiya kompaniyasi (“Kapital-Depozit” MChJ, “Satori Capital” MChJ va “Satori IB Group” MChJ anderrayterlar konsorsiumi) anderrayter sifatida jalb etilgan.

Shuningdek, “OʻzRTXB” AJ aksiyalarini ommaviy joylashtirish jarayonida raqobat muhitini taʼminlash va jamoatchilik qamrovini kengaytirish maqsadida qoʻshimcha ravishda 10 dan ortiq“Mulk sarmoya brokerlik uyi” AJ, “Freedom Finance” MChJ, “Alkes Research” MChJ, “Alp Omad Invest” MChJ, “Premium Finance” MChJ, “Qoraqalpogʻiston vaqt” MChJ, “Dalal standart” MChJ, “Leader Finance Capital” MChJ, “Tat-Reestr” MChJ va “Finance Invest Brok” MChJ kabi investitsiya vositachilari jalb qilindi.

Investorlarning buyurtmalarini qabul qilish “Toshkent” RFB savdo maydonchasida amalda boʻlgan usullarga qoʻshimcha ravishda, “E-auksion” elektron savdo platformasi (ipo.e-auksion.uz) va uning mobil ilovasi, shuningdek “KAP DEPO” kompaniyasining GoInvest ilovasi hamda Jett servisi (Multicard, Zoomrad, MyUztelecom, DavrMobile ilovalari) va uning app.jett.uz veb-terminali orqali onlayn xarid qilish imkoniyatlari yaratildi.

Respublikaning barcha viloyatlarida “Roadshow” taqdimotlari oʻtkazilib, Davaktiv agentligi, “OʻzRTXB“ AJ, “E-auksion” platformasi mutaxassislari hamda kapital bozorining professional ishtirokchilari tomonidan aholi bilan jonli uchrashuvlar tashkillashtirildi.

Bundan tashqari, respublikaning barcha tuman va shaharlaridagi hokim yordamchilari koʻmagida mahallalarga chiqqan holda aholi orasida tushuntirish ishlari olib borildi hamda qiziqish bildirgan fuqarolarga arizalar berilishida amaliy yordam koʻrsatildi.

Natijada, joylashtirilishi rejalashtirilgan aksiyalar hajmiga nisbatan 108 foiz, yaʼni 3 606 466 ta aksiyalarni sotib olish uchun 12,6 mingta jismoniy va yuridik shaxslardan 46,6 mlrd soʻmlik takliflar kelib tushdi.

Aksiyalarni sotib olish boʻyicha takliflar koʻp tushganligi bois, jarayonning xalqchilligini taʼminlash va keng aholini qatlamini aksiyadorlar qatoriga kiritish maqsadida aksiyalarni sotib olish boʻyicha narx diapazonining quyi qismidagi narx boʻyicha jismoniy shaxslarning kam miqdorga ega boʻlgan buyurtmalari ustuvor ravishda joylashtirildi.

Anderrayter tomonidan kelib tushgan takliflar avval eʼlon qilingan mezonlar asosida saralanishi natijasida jami 42,9 mlrd. soʻmlik 11 298 ta buyurtmalar (11 234 ta jismoniy va 64 ta yuridik shaxslar) qondirildi.

Taʼkidlash joizki, 2024-yil 26-oktabrda boʻlib oʻtgan “OʻzRTXB” AJ aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi qarori bilan “Xalqchil IPO” doirasida aksiyalarni sotib olgan investorlar har bir aksiyalari uchun qoʻshimcha 4 tadan aksiya olishi belgilandi.

Davaktiv agentligi “Xalqchil IPO” doirasida ishtirok etgan barcha manfaatdor tomonlar, jumladan, konsultantlar, anderrayterlar, investorlarga minnatdorchilik bildiradi hamda mazkur jarayon mamlakatning yetakchi davlat kompaniyalariga keng aholi qatlamlarini investitsiya kiritishga jalb qilish uchun boshlangʻich nuqta boʻlishiga ishonch bildiradi.

 

3537 Chop etish