Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

15 Fevral 2024

Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi

Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni (2024-yil 14-fevral, OʻRQ-907) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi tomonidan 2023-yil 5-sentabrda qabul qilinib, Oliy Majlis Senati tomonidan 2023-yil 24-noyabrda maʼqullangan.

1991-yilda qabul qilingan avvalgi “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun bugungi kun talablariga javob bermagan hamda ushbu Qonunga 20 dan ortiq marotaba oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan boʻlib, maʼnan eskirgan.

Avvalgi Qonun chet elda keng qoʻllaniladigan xususiylashtirish usullarini (amalda 2 ta usul: auksion, tanlov), ochiqlik va shaffoflik talablarini hamda davlat organlarining xususiylashtirish sohasidagi aniq vakolatlarini nazarda tutmagan.

Maʼlumot uchun: Xalqaro tajribada xususiylashtirishning 4 tadan 10 tagacha uslubi qoʻllaniladi, jumladan, Germaniyada (6 ta), Chexiyada (7 ta) va Polshada (10 ta).

Shu munosabat bilan, “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun (21 ta modda) bekor qilinib, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi yangi “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni (9 ta bob, 45 ta modda) amaliyotga joriy etilmoqda.

Yangi Qonunni ishlab chiqishda ushbu sohaga oid xalqaro tajriba, xususan, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, “Indecon Consulting” kompaniyasi, “KPMG” kompaniyasi, polshalik ekspertlar hamda va boshqa bir qator malakali maslahatchilar takliflari inobatga olindi.

Qonunda quyidagi asosiy normalar nazarda tutilgan:

1. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Davaktiv agentligi) davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Davlat mulkini xususiylashtirish dasturlari Davaktiv agentligi tomonidan davlat organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, shuningdek jismoniy va nodavlat yuridik shaxslarning takliflari asosida ishlab chiqiladi.

Xususiylashtirish dasturlari Davaktiv agentligi tomonidan ishlab chiqilib, quyidagilar tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda:

a) respublika mulki obyektlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti (yirik davlat korxonalari) va Vazirlar Mahkamasi (qolgan respublika mulklari);

b) munitsipal mulk boʻyicha:

  • davlat unitar korxonalari, davlat muassasalari va xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushlarini xususiylashtirish dasturlari – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari;
  • koʻchmas mulk obyektlari – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari bilan kelishgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari.

2. Xususiylashtirishning elektron-onlayn auksion, tanlov, birja, muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish, raqobatga asoslangan muloqot, koʻchmas mulk, ulush hamda korxonani boshqa jamiyatning ustav fondiga kiritish hamda korxonalarni keyinchalik sotish sharti bilan ijaraga berish kabi 8 ta usullar nazarda tutilmoqda.

3. Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida ishtirok etishi qonunchilikka muvofiq taqiqlangan shaxslar, ishtirok etishi insofsiz raqobatga olib kelishi mumkin boʻlgan talabgorlar va ularga nisbatan affillangan shaxslar davlat mulki xususiylashtirilayotganda talabgor boʻlmasligi belgilandi.

4. Davlat mulkini savdoga chiqarish jarayonlari soddalashtirilmoqda. Jumladan:

a) davlat mulklarini davlat organlari vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan xatlov qilish talabi bekor qilinib, mazkur vazifa davlat ulushlari boʻyicha korxona rahbari va koʻchmas mulk boʻyicha balans saqlovchi rahbariga yuklanmoqda;

b) davlat mulklari onlayn-auksion va birja savdolariga chiqarilganda yoki ular xalqaro nufuzga ega auditorlik kompaniyalarining Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan shoʻba korxonalari tomonidan baholanganda baholash hisobotini majburiy tartibda ekspertizadan oʻtkazilmasligi belgilanmoqda;

5. Xususiylashtirish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan meʼyorlar kiritilmoqda.

  • Xususiylashtirish dasturi ijrosi va har bir davlat aktivi savdo jarayonlari bosqichlari toʻgʻrisidagi maʼlumot veb-saytda eʼlon qilinadi.
  • Davaktiv agentligi yilida kamida bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasiga, soʻrovlar boʻyicha Oliy Majlis palatalariga, uning hududiy boshqarmalari esa har yili xalq deputatlari hududiy Kengashlariga hisobot beradi.

6. Xususiylashtirilgan davlat mulki daxlsizligini taʼminlash maqsadida sotilgan davlat mulkini sud qarori asosida oldingi egasiga natura shaklida qaytarishga yoʻl qoʻyilmasligi hamda uning bozor qiymati Davaktiv agentligi huzuridagi Jamgʻarma hisobidan qoplanishi belgilanmoqda.

Ushbu qonunning qabul qilinishi davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarining chuqurlashtirishga, ushbu davlat mulkiga investitsiyalarni jalb etish, samarasiz faoliyat koʻrsatayotgan davlat mulki obyektlari negizida yangi loyihalarni amalga oshirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi va davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi qonun hujjatlarining uygʻunlashishiga yordam beradi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.

 

2475 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech