Joriy yil 18-sentabr kuni Abu Dabi shahrida Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) ishbilarmon doira vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan “Biznes aloqalar: Abu Dabi va Oʻzbekiston” forumida, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan “Xususiylashtirish - bu biznes uchun yangi yoʻnalish va imkoniyatlar” mavzusida taqdimot oʻtkazildi.
Unda, Davlat aktivlarini xususiylashtirishga tayyorlash va xususiylashtirish Departamenti boshligʻi Shoxruh Ohunov taqdimot bilan ishtirok etib, 70 dan ortiq BAA ishbilarmon soha vakillariga Oʻzbekistonda xususiylashtirish sohasida erishilgan natijalar, kelgusidagi istiqbolli rejalar, jumladan, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq savdoga chiqarilgan va xususiylashtirilishi belgilangan yirik davlat aktivlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda ularni sotib olish jarayonlari boʻyicha tushintirishlar berib oʻtdi.
Shu bilan birga, muzokaralarga boy oʻtgan davra suhbati davomida Davaktiv agentligi vakillari BAAning 10 dan ortiq yirik biznes hamjamiyati, jumladan, “Watania International Holding”, “Confity capital partners” va “Emirates NBD” kompaniyalari vakillari bilan G2B uchrashuvlarini oʻtkazdi.
Uchrashuvlar davomida, xorijiy investorlar uchun mamlakatimizda yaratilayotgan sharoitlar yuzasidan tushuntirish berilib, BAA biznes vakillari Oʻzbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida faol qatnashishga taklif etildi. Oʻz navbatida, xorij ishbilarmon doira vakillari tomonidan Oʻzbekistondagi joriy xususiylashtirish jarayonlariga katta qiziqish bildirilib, kelgusi hamkorlik aloqalari kelishib olindi.