Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

09 Avgust 2023

Sirdaryo viloyatida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti o‘tkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi "Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-102-sonli qaroriga muvofiq, 1001 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1046 ta koʻchmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga chiqarilishi, shuningdek, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi barcha fuqarolar va investorlarga qatnashish imkoniyati taqdim etish maqsadida "bitta aksiya-bitta lot" tamoyili asosida "Xalq IPO" orqali taklif etilishi belgilangan.

Hududlarda mazkur qaror mazmun-mohiyatini tushuntirish va targʻibot qilish ishlarini jadallashtirish maqsadida, joriy yilning 9-avgust kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Sirdaryo viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari toʻgʻrisida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi.

Ushbu tadbirda 200 nafardan ziyod mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalarning vakillari, tadbirkorlar va investorlar ishtirok etdi.

 “Roadshow” taqdimoti Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Miraliyev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Ziyadulla Karimov hamda viloyat hokimi oʻrinbosari Abror Toshmatov boshchiligida boʻlib oʻtdi.

“Roadshow” ishtirokchilariga Davaktiv agentligi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2022-yil dasturlariga muvofiq jami 36 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilganligi, shundan 11 ta davlat aktivlari 2,9 mlrd.soʻm qiymatiga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganligi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, 2022-yil davomida tadbirkorlar va fuqarolar uchun 3528 ta 257,9 gektar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, shundan 851 ta 83,4 gektar yer uchastkalari 16,0 mlrd.soʻmga sotilishiga erilishilgan.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-102-sonli qaroriga muvofiq, ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan Sirdaryo viloyatidagi jami 78 ta davlat va davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining aktivlari, shundan 47 ta koʻchmas mulk obyektlari yaqindan tanishtirildi.

Bundan tashqari, avvaldan doimiy foydalanish yoki umrbod egalik qilish huquqi asosida oʻzlariga tegishli boʻlgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirib olgan fuqarolarga mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderlari topshirildi hamda muzkur jarayon tartibi boʻyicha tadbir qatnashchilariga tushuntirishlar berildi.

Oʻz oʻrnida, Davaktiv agentligi mutasaddilari tomonidan qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish boʻyicha "master-klass" oʻtkazilib, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy, ham amaliy tushuntirildi.

Koʻtarinki ruhda va savol-javoblarga boy oʻtgan “Roadshow” davomida Davaktiv agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Miraliyev va viloyatning boshqa mutasaddi rahbarlari qatnashchilari va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga javoblar berib oʻtdilar.

Shu bilan birga, kunning ikkinchi yarmida OAV vakillari uchun Press-tur ham tashkil etilib, davlat aktivlarini sotib olgan tadbirkorlar tomonidan ushbu obyektlar negizida bajarilgan ishlar, shuningdek sotuvga chiqarilgan davlat aktivlari joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

 Mazkur tadbir keyingi oʻrinlarda Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida davom etadi.

Shuningdek, shu kabi tadbirlar bugungi kunga qadar Fargʻona, Andijon, Namangan, Navoiy, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo hamda Jizzah viloyatlarida oʻtkazildi hamda yaqin kunlarda respublikamizning qolgan barcha viloyatlarida, Toshkent shahrida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

1171 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech