Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

17 Sentyabr 2024

“Avtooyna” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni yuzasidan axborot

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan joriy yil 18-iyul kuni chop etilgan eʼlonga muvofiq, “Avtooyna” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – "Aktiv") xususiylashtirish jarayonining Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichi boshlangan.

Avval maʼlum qilinganidek, ushbu Aktivni xususiylashtirish jarayonini ilgʻor xalqaro tajriba asosida amalga oshirish uchun Portfolio Investments(keyingi oʻrinlarda – "Konsultant") kompaniyasi xususiylashtirish boʻyicha Konsultant sifatida jalb etilgan.

Arizalarni qabul qilish jarayoni doirasida, Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 2024-yil 4-sentabrga qadar 4 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar Konsultantga kelib tushgan.

Davaktiv agentligi hamda xususiylashtirish boʻyicha Konsultant tomonidan kelib tushgan barcha arizalar quyidagi mezonlar boʻyicha saralangan:

  • barqaror moliyaviy holati (MHXS boʻyicha tekshirilgan moliyaviy hisobotlari bilan tasdiqlangan) va ehtimoliy bitimni kafolatlangan moliyalashtirish qobiliyati;
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning aksiyadorlari/ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi yoki ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan kompaniya emasligi;
  • Talabgor va ular bilan bogʻliq boʻlgan shaxslardan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmaganligi, shuningdek kelajakda bunday roʻyxatlarga kirish ehtimolining pastligi.

Kelib tushgan arizalarni yuqoridagi mezon talablari asosida Konsultant tomonidan chuqur oʻrganish natijasida, barcha talabgorlarning arizalari yuqoridagi mezon talablariga toʻliq mos deb topilgan.

Shunga koʻra, Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar, xususiylashtirish jarayonining kelgusi Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilinadi hamda ularning har biriga alohida ushbu bosqich jarayonlari toʻgʻrisidagi Konsultant tomonidan individual xat (Process Letter) yuboriladi. 

Talabgorlar tomonidan Axborotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolangandan soʻng, ularga Konsultant tomonidan tayyorlangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati beriladi. Ushbu maʼlumotlar xonasi Aktiv toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlarni, jumladan, tarixiy va prognozli moliyaviy koʻrsatkichlari kabi axborotlarni oʻz ichiga oladi.

Konsultant tomonidan Aktivni sotib olish narxi boʻyicha Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) 2024-yil 17-oktabr soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar qabul qilinadi.

Shu bilan birga, mazkur muddatga qadar talabgorlar tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinetlari orqali taklif etiladigan Majburiyatga ega boʻlgan takliflarining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov (zaklad) sifatida “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJning tegishli hisob raqamiga oʻtkazish talab etiladi. “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinet va hisob-raqam koʻrsatkichlari Konsultant tomonidan ishtirokchilarga yuboriladigan jarayon toʻgʻrisidagi individual xatlar (Process Letter) orqali yetkaziladi.

Bunda, mazkur kafolat toʻlovi talabgorlar gʻolib deb topilmagan taqdirda ularning shaxsiy kabinetiga qaytariladi, gʻolib boʻlgan taqdirlarida - sotib olish toʻlovining bir qismi sifatida hisobga olinadi.

Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan kelgusidagi konstruktiv hamkorlikni shaffof muhitda davom ettiradi.

Diskleymer

Davaktiv agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davaktiv agentligi va “Portfolio Investments”ning Aktivni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davaktiv agentligi va “Portfolio Investments” oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;

(ii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davaktiv agentligi va “Portfolio Investments” tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iii) har qanday sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;

(iv) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.

4769 Chop etish