Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

04 May 2024

III Toshkent xalqaro investitsiya forumida xususiylashtirish va davlat aktivlari mavzusi muhokama qilindi

Joriy 2-3-may kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan III Xalqaro investitsiya forumida "Xususiylashtirish va davlat aktivlari: investitsiyalar uchun yangi istiqbollar" mavzusida panel muhokamasi boʻlib oʻtdi.

Sessiyada Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortikov va bir qator xalqaro ekspertlar, xususan, "Franklin Templeton" katta boshqaruvchi direktori Tek Xoan Ong, "KPMG Caspian" hamkori va maslahatchisi Saltanat Sandibayeva, Davaktiv agentligi direktori maslahatchisi Jon Nasirov hamda moderator sifatida Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (IFC)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Neil Makein ishtirok etdi.

Ekspertlar xorijiy investitsiyalarni jalb etishning muhim omili sifatida davlat aktivlarini xususiylashtirishning xalqaro tajribasini muhokama qildilar. Bundan tashqari, ishtirokchilar soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini uygʻunlashtirish orqali iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, xususiy mulkni kengaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni muhokama qildilar.

Shuningdek, ushbu sohadagi istiqbolli rejalar hamda mahalliy va xorijiy investorlar uchun yangi xususiylashtirish dasturining ulkan imkoniyatlari , xususan, yangi 2024-yilgi dastur bilan 247 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari (ulushlari), 1028 ta koʻchmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga chiqarilishi hamda 12 ta yirik korxonadagi davlat ulushlarining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkazilishi, shuningdek davlat aktivlarini sotishda boshlangʻich qiymatini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qoʻllanilayotganligi muhokama qilindi.

Muhokamalar jarayonida Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortikov Oʻzbekistonda davlat mulklarini xususiylashtirish hamda bu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar va islohotlar yuzasidan maʼlumot berdi.

“Biz birinchi navbatda qonun ustuvorligini taʼminlashga eʼtibor qaratdik. “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etildi. Mazkur qonun bozor qoidalarini aniq belgilab berdi, desak boʻladi.

Ikkinchi qonun — “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonun yangitdan ishlab chiqildi. Qonun 1991-yilda qabul qilingan boʻlib, maʼnan eskirgan edi. U yangi tahrirda qabul qilindi va 15-maydan rasman kuchga kiradi. Mazkur qonunda xususiylashtirish jarayonining har bir qadami, usullari, shartnomalar tuzish, xususiylashtirishdan tushum taqsimot kabi masalalar aniq yoritib berilgan. Bu xalqaro bozorda investorlarga qonun asosida ishlarimizni amalga oshirayotganimizni koʻrsatadi”, — dedi Akmalxon Ortikov.

Franklin Templeton kompaniyasining katta boshqaruvchi direktori Tek Xoan Ongning aytishicha: oddiy fuqarolarga ham aktivlarni sotish kerak, ular ham bundan foydalanishi lozim. Shuningdek, kompaniyalar qiymatini maksimal darajada oshirish juda murakkab vazifa boʻlib, bu jarayon xususiylashtirishdan oldin va keyin amalga oshirilishi juda muhim”.

Oʻz navbatida, KPMG Caspian hamkori va tranzaksiya boʻyicha maslahatchisi Saltanat Sandibayeva xususiylashtirish jarayonlarining muhim bosqichi hisoblanadigan xususiylashtirish oldi jarayoniga alohida eʼtibor qaratilayotganligini eʼtirof etdi. Sotishdan oldin aktivlarni xususiylashtirishga tayyorlaydigan strategiya ishlab chiqilayorganligini va ushbu strategiyalarda bozor sharoitini, meʼyoriy-huquqiy bazani oʻrganish, hamda shaffoflik mezonlari eʼtiborga olinayotganligini va bu investorlar ishonchini yanada mustahkamlayotganligini taʼkidlab oʻtdi.

Davaktiv agentligi direktori maslahatchisi Jon Nasirov xorijiy davlatlarda oʻtkazilgan xususiylashtirish jarayonlarini qiyoslab, Oʻzbekistonda ham xususiylashtirish jarayonlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligini aytib oʻtdi. Shu bilan birga, ekspert korxonalarning transformatsiya jarayonlariga toʻxtalib, har bir korxonaga individual ravishda yondashish muhimligini eslatib oʻtdi.

1016 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech