Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

24 Sentyabr 2024

Davlat mulkini boshqarish tartibi takomillashtirilmoqda

Joriy yil 21-sentabr kuni Oliy Majlis Senatining 57-yalpi majlisida “Davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilinib, natijasi boʻyicha maʼqullandi.

Qonun bilan bir qator qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda:

  • davlat unitar korxonalarini yoki davlat muassasalarini xoʻjalik jamiyatlariga oʻzgartirish jarayonida ularning tasarrufidagi davlat mulkini sotilishiga, hisobdan chiqarilishiga, garovga berilishiga yoʻl qoʻyilmasligi taʼminlanmoqda;
  • davlat unitar korxonasi va davlat muassasasini davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyati sifatida qayta tashkil etish jarayoni soddalashtirilmoqda;
  • masʼuliyati cheklangan jamiyatlardagi davlat ulushlarini xususiylashtirishda raqobatga asoslangan ommaviy savdolar orqali amalga oshirish tizimi joriy etilmoqda;
  • “Homiylik toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirishlar kiritilib, ustav fondidagi (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari oʻtgan yilda olingan sof foydaning 3 foizidan oshmasligi kerakligi qayd etilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi bilan davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilib, maxsus vakolatli organning vakolatlari va ustuvor yoʻnalishlarini belgilash orqali xususiy mulkchilik kengaytiriladi. Xususiylashtirish jarayonlari ochiq va oshkora boʻlishi taʼminlanadi.

Maʼlumot uchun, mazkur Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 16-iyulda qabul qilingan. Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga imzolash uchun yuboriladi hamda rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

3748 Chop etish