Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

30 Mart 2021

Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish Strategiyasi tasdiqlandi

Joriy yil 29 mart kuni Vazirlar Mahkamasining “2021-2025 yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 166-son qarori qabul qilindi.

Qaror bilan 2021-2025 yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi va uni 2021-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” hamda maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlanmoqda.

Strategiya xalqaro moliya institutlari, xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan jalb etilgan ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan bo‘lib, bir qator me’yorlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan:

  • O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida” va “Xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunlari loyihasini ishlab chiqish;
  • davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish mezonlarini (tabiiy monopoliya, strategik manfaat sohasida faoliyat yuritadigan va boshq.) belgilash, har yili ushbu mezonlardan kelib chiqib, “sot yoki tushuntir” tamoyili, ya’ni agar ma’lum bir korxonani davlatda ushlab turishning zarurati asoslab berilmasa sotishga majbur bo‘ladigan yangi amaliyot joriy etiladi;
  • davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan tijorat va notijorat maqsadlarni belgilash, davlat ishtirokidagi korxonalar va nodavlat yuridik shaxslar uchun teng sharoit yaratish, jumladan barcha davlat unitar korxonalarini xo‘jalik jamiyatlariga aylantirish, davlatning mulkdor (aksiyador, ishtirokchi, muassis) va tartibga soluvchi funksiyalarini ajratish;
  • boshqaruv organlari a’zolarini bosqichma-bosqich, tanlov asosida saylash, kuzatuv kengashi tarkibiga mustaqil a’zolarni jalb etish, uning qoshida qo‘mitalar tashkil etish, taftish komissiyalari faoliyatini tugatish;
  • korxonalar faoliyati natijadorligi va Strategiyani amalga oshirish to‘g‘risidagi axborotni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida eshitish amaliyotini joriy etish, korxonalarning veb-saytini yaratish va boshqalar.

Shu bilan birga, qaror doirasida:

  • davlat ishtirokidagi korxonalarning ijro etuvchi organi va kuzatuv kengashi a’zolari korporativ boshqaruv tamoyillari (aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi va muassis qarorlari) asosida ular tomonidan mustaqil ravishda saylash (tayinlash);
  • davlat ishtirokidagi korxonalarda kuzatuv kengashi, ichki audit xizmati, kuzatuv kengashi tarkibida audit qo‘mitasi tashkil etish;
  • aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varag‘iga (listingga)  kiritilgan va davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarida “muvofiqlik tizimi” (komplaens) xizmatini tashkil etish;
  • davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining natijalari to‘g‘risida yig‘ma hisobot shakllantirish va 2022 yildan boshlab, har yili keyingi moliya yilining 1 avgustiga qadar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb-saytiga joylashtirish.

Shu bilan birga, 2022 yil 1 yanvardan ijroiya organi va kuzatuv kengashi a’zolari vakolatlarini bir yildan uch yilgacha uzaytirish hamda davlatning “oltin aksiya” maxsus huquqini bekor qilish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Davaktiv agentligi faoliyatini zamonaviy yondashuv va uslublar asosida tashkil etishga ko‘maklashish uchun mahalliy va xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda Ekspert kengashini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Strategiyani amalga oshirish natijasida davlat ishtirokidagi korxona kuzatuv kengashlari tarkibida mustaqil a’zolar ulushi bosqichma-bosqich 30 foizga yetkazish, davlat ishtirokidagi korxonalar sonini 75 foizga qisqartirish hamda 20 ta davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyalarini birlamchi va ikkilamchi (IPO va SPO) ommaviy joylashtirish nazarda tutilgan.

 

5862 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech