Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

24 Mart 2021

Davlat aksiya paketlarini savdoga chiqarish bo‘yicha monopoliyaga chek qo‘yildi

Davlat aktivlarini sotishda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha yana bir qadam tashlandi.

Gap shundaki, bir necha o‘n yillar davomida davlat aksiya paketlari “Toshkent” respublika fond birjasiga faqatgina bitta broker - “Mulk-sarmoya brokerlik uyi” aksiyadorlik jamiyati orqali savdolarga chiqarilgan. Bu esa, o‘z navbatida, respublika fond bozorida faoliyat yuritayotgan boshqa professional investitsiya vositachilari uchun teng raqobat muhiti yaratilishiga salbiy ta’sir qilib kelgan.

Endilikda ushbu amaliyotga chek qo‘yilib, davlat aksiya paketlarini birja savdolariga chiqarish va sotish jarayonida professional investitsiya vositachilari (brokerlar)ni jalb etish yuzasidan tanlov o‘tkaziladi. Unda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan jami 44 ta professional investitsiya vositachining barchasi hech qanday to‘siqsiz ishtirok etishlari mumkin. Bu amaliyot davlat aktivlarining ochiq va shaffof tarzda xususiylashtirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Tanlov bo‘yicha g‘oliblarni aniqlashda, birinchi navbatda, ishtirokchilarning fond bozoridagi tajribasi, moliyaviy holati, vositachilik xizmati ta’riflari, amalga oshiradigan targ‘ibot ishlari va boshqalar hisobga olinadi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, sohaning barcha manfaatdor shaxslarini Agentlik ijtimoiy tarmoqlari hamda OAVlari orqali e’lon qiladigan xabarlarini kuzatib borishga va tanlovlarda faol ishtirok etishga chaqirib qolamiz.

 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

Axborot xizmati

 

2720 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech