Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

23 Yanvar 2023

“Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni yuzasidan axborot

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Davaktiv agentligi) 23 dekabr 2022 yilda chop etilgan eʼlonga muvofiqChinoz neftni qayta ishlash zavodi” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini raqobatga asoslangan sotuv jarayonining Aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Express of interest) bo‘yicha arizalarni qabul qilish va ko‘rib chiqish bosqichi yakunlanganligini maʼlum qiladi.

“Mosaic Financial” kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda – “Maslahatchi”) mazkur bitim bo‘yicha Davaktiv agentligining xususiylashtirish bo‘yicha yetakchi maslahatchisi sifatida jalb etilgan.

Kompaniyaning xususiylashtirish jarayonlari doirasida Maslahatchi tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 2023 yil 12 yanvarga qadar O‘zbekiston va boshqa MDH davlatlari va Yevropa mamlakatlaridan 7 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Express of interest) to‘g‘risidagi arizalar Maslahatchiga kelib tushgan

Davaktiv agentligi hamda xususiylashtirish bo‘yicha Maslahatchi tomonidan kelib tushgan barcha arizalar quyidagi mezonlar bo‘yicha saralanadi:

  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin bo‘lgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yo‘qligi;

  • O‘zbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga rioya etilishi;

  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmaganligi.

Maslahatchi tomonidan kelib tushgan arizalarni yuqoridagi mezon talablari asosida chuqur o‘rganish natijasida barcha talabgorlar keyingi bosqichga o‘tkazildi.

Shunga ko‘ra, barcha talabgorlar xususiylashtirish jarayonlarining kelgusi Majburiyatga ega bo‘lmagan taklif (NBO) qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilinadi hamda Maslahatchi tomonidan ularga ushbu bosqich jarayonlari to‘g‘risidagi xat (Process Letter) yuboriladi.

Xususiylashtirish jarayonlarida kelgusidagi o‘z ishtirokini tasdiqlash uchun, ushbu talabgorlar bilan Axborotlarni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi bitim (NDA)ni imzolash taklif etiladi, so‘ngra ularga maslahatchi tomonidan tayyorlangan Aktivni sotib olish narxi bo‘yicha indikativ majburiyatga ega bo‘lmagan takliflarni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan dastlabki ma'lumotlar to‘plami (Information Memorandum) bilan tanishish imkoniyatini beradigan virtual ma'lumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati yaratiladi. Ushbu ma'lumotlar to‘plami Aktivning xo‘jalik faoliyatini tavsiflovchi axborotlarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, Maslahatchi tomonidan Aktivni sotib olish narxi bo‘yicha Majburiyatga ega bo‘lmagan takliflar (NBO) 2023 yil 23 fevral kuni soat 18:00 ga (Toshkent vaqti bilan) qadar qabul qilinadi.

Davaktiv agentligi va “Mosaic Financial” kompaniyasi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlar bilan kelgusidagi konstruktiv hamkorlikni shaffof muhitda davom ettiradi.

2316 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech