Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

25 Iyun 2023

Buxoro viloyatida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagiIqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi PQ-102-sonli qaroriga muvofiq, 1001 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1046 ta koʻchmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga chiqarilishi, shuningdek, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi barcha fuqarolar va investorlarga qatnashish imkoniyati taqdim etish maqsadida bitta aksiya – bitta lot tamoyili asosida “Xalq IPO”si orqali taklif etilishi belgilangan.

Hududlarda mazkur qaror mazmun-mohiyatini tushintirish va targʻibot qilish ishlarini jadallashtirish maqsadida, joriy yilning 22-iyun kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Buxoro viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari toʻgʻrisida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi.

Ushbu tadbirda 300 nafardan ziyod mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalarning vakillari, tadbirkor va investorlar ishtirok etdi.

“Roadshow” taqdimoti Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Miraliyev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Firdavs Norov hamda viloyat hokimining oʻrinbosari Mirali Hamroyev boshchiligida boʻlib oʻtdi.

“Roadshow” ishtirokchilariga Davaktiv agentligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2022-yil davomida xususiylashtirish dasturlariga muvofiq jami 284 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilganligi, shundan 110 ta davlat aktivlari 195,3 mlrd. soʻm qiymatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganligi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, 2022-yil davomida tadbirkorlar va fuqarolar uchun 4052 ta 493,2 gektar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, shundan 428 ta 28,3 gektar yer uchastkalari 45,9 mlrd.soʻmga sotilishiga erishilgan.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-102-sonli qaroriga muvofiq, ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan Buxoro viloyatidagi jami 181 ta davlat va davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining aktivlari, shundan 112 ta koʻchmas mulk obyektlari yaqindan tanishtirildi.

Bundan tashqari, tadbir qatnashchilariga avvaldan doimiy foydalanish yoki umrbod egalik qilish huquqi asosida oʻzlariga tegishli boʻlgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi boʻyicha tushuntirishlar berildi.

Oʻz oʻrnida, Davaktiv agentligi mutasaddilari tomonidan qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish boʻyicha master-klass oʻtkazilib, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy, ham amaliy tushuntirildi.

Koʻtarinki ruhda va savol-javoblarga boy oʻtgan “Roadshow” davomida Davaktiv agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Miraliyev va viloyatning boshqa mutasaddi rahbarlari tadbir qatnashchilari va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga batafsil javoblar berib oʻtdilar.

Shu bilan birga, kunning ikkinchi yarmida OAV vakillari uchun Press-tur ham tashkil etilib, davlat aktivlarini sotib olgan tadbirkorlar tomonidan ushbu obyektlar negizida bajarilgan ishlar, shuningdek sotuvga chiqarilgan davlat aktivlari joyiga chiqqan holda oʻrganildi.

Shu kabi tadbirlar bugungi kunga qadar Fargʻona, Andijon, Namangan, Navoiy hamda Qashqadaryo viloyatlarida oʻtkazildi, shuningdek yil davomida respublikamizning qolgan barcha viloyatlarida, Toshkent shahrida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

1543 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech