Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

30 Sentyabr 2024

Boʻstonliq tumani "Humson" qishlogʻidagi dam olish maskanining ochiq savdo jarayoni boshlanganligi toʻgʻrisida eʼlon

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Davaktiv agentligi) “Humson sanatoriysi” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – Aktiv) professional konsultant jalb qilgan holda ochiq savdo jarayonlari boshlanganligini eʼlon qiladi.

“RSM Uzbekistan” kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) ushbu xususiylashtirish jarayonini ilg‘or xalqaro tajriba asosida amalga oshirish uchun Davaktiv agentligining xususiylashtirish boʻyicha konsultanti sifatida tanlab olindi.

Aktiv toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot:

Dam olish maskani Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanida, Humson qishlog'i, Ugom tog' tizimlari yon-bag‘rida, go'zal va tengsiz manzaralar qo'ynida, dengiz sathidan 1000 metr balandlikda, Toshkent shahridan 80 km shimoli-sharqda joylashgan.

  • Manzili: Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, “Humson” mahallasi, Ugom koʻchasi, 121-uy;
  • Umumiy maydoni: 14,93 ga;
  • Bino-inshootlar maydoni: 14 971,1 kv.m;
  • Mavjud xonalar soni 253 ta.

Sotish jarayoni toʻgʻrisida:

Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar (keyingi oʻrinlarda – Ishtirokchilar) uchun ochiq boʻlgan muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida tashkil etiladi.

Savdo jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi, jumladan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) hamda Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) taqdim etish bosqichlari.

Sotuv jarayonining Sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Express of Interest) bosqichini amalga oshirish toʻgʻrisida:

Ishtirokchilardan quyidagi maʼlumotlar bilan aktiv bo'yicha sotib olish yuzasidan qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalarini (Express of interest) taqdim etishlari soʻraladi:

  1. Talabgor jismoniy shaxs bo‘lganda: pasport/ID karta nusxasi, Aktivni sotib olish uchun moliyaviy imkoniyati to‘g‘risidagi maʼlumotlar;
  2. Talabgor yuridik shaxs bo‘lganda:
  • korxona/firma to‘g‘risida maʼlumotlar, shu jumladan taʼsis hujjatlari (ustav) va faoliyat guvohnomasi nusʼhasi, STIR maʼlumoti;
  • taʼsischisi/ishtirokchisi, aksiyadori bir nafardan ko‘p bo‘lgan hollarda 5 foizdan ortiq ulushi mavjud taʼsischi/ishtirokchi/aksiyadorining ulushini ko‘rsatgan holda ularning har biri hamda yakuniy benefitsiari to‘g‘risida maʼlumot;
  • oxirgi 3 yillik moliyaviy hisoboti nusхasi (tashkil topganiga 3 yildan kam bo‘lgan hollarda, tashkil topgan davrdan boshlab faoliyati davridagi moliyaviy hisoboti nusxasi).

Talabgorlar qiziqish bildirishi toʻgʻrisidagi arizalarini xohishlariga koʻra oʻzbek, rus yoki ingliz tillarida tayyorlab 2024-yil 31-oktabr soat 18:00ga (Toshkent vaqti bilan) qadar info@rsm.uz elektron pochta manziliga yuborishlari lozim.

Ushbu savdo bosqichi doirasida, Konsultant tomonidan potensial investorlarni jalb qilish maqsadida investitsiya tizerlarini tarqatish ishlari amalga oshiriladi.

Qabul qilingan arizalar quyidagi mezonlar boʻyicha saralanadi:

  • Aktivni sotib olish uchun moliyaviy resurslarining yetarliligi;
  • davlat ishtirokidagi korxona bo‘lmasligi (ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori 50 foizdan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyati yoxud ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori xo‘jalik jamiyatining boshqa har bir aksiyadori (ishtirokchisi) ulushiga nisbatan ko‘p bo‘lgan xo‘jalik jamiyati, shuningdek davlat unitar korxonasi);
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs/(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti/(lar) boʻlmasligi kerak. Shuningdek, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari lozim va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi lozim.

Ushbu loyiha doirasida qoʻshimcha maʼlumotlar uchun quyidagi aloqa kanallariga murojaat qiling:

  • Dimitriy Abbasov, “RSM Uzbekistan” kompaniyasi mutaxassisi: d.abbasov@rsm.uz, tel. +998(91) 770-16-73.
  • Shoxruh Ohunov, Davaktiv agentligi departament boshligʻi: tender@davaktiv.uz, tel. +998(71) 259-20-23.

Oʻz navbatida, Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) bosqichiga oʻtgan talabgorlar bilan majburiyatga ega boʻlgan takliflarni taqdim etishlaridan avval taklif etiladigan qatʼiy narx taklifining kamida 1 foizini kafolatli to‘lov sifatida amalga oshirilishi, shu bilan birga talabgorlarga Aktivning faoliyatini kamida 5 yil saqlab qolish hamda Aktiv negizida amalga oshiriladigan loyiha “Chorvoq” turistik rekreatsion zonasi direksiyasi bilan yozma ravishda kelishilgan holda amalga oshirish shartlari belgilanadi.

Sotish jarayonining barcha bosqichlarining natijalari boʻyicha Davaktiv agentligining rasmiy sahifalarida axborot berib boriladi va Konsultant tomonidan jarayonda ishtirok etgan talabgorlarning har biriga tegishli jarayon xati (Process Letter) orqali individual ravishda xabardor qilinadi.

 Diskleymer:

Davaktiv agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davaktiv agentligi va “RSM”ning Aktivni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davaktiv agentligi va “ RSM” oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;

(ii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davaktiv agentligi va “RSM” tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iii) aniq bir sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;

(iv) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni olib borish/tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.

4373 Chop etish