Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

27 Dekabr 2023

Ayrim ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda Oʻzbekiston Respublikasi “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasi yuzasidan bildirilgan fikrlarga rasmiy munosabat

Rieltorlik xizmatlari sifatini oshirish, oʻzini oʻzi boshqarish mexanizmlaridan keng foydalanish, shuningdek, amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekiston RespublikasiRieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi Qonunini yangi tahrirda ishlab chiqish zarurati tugʻildi, chunki koʻplab oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganiga qaramasdan, 2010-yildagi amaldagi Qonun zamonaviy voqeliklarga va rieltorlik faoliyati sohasidagi oʻzgarishlarga mos kelmaydi.

Qonun loyihasi rieltorlik xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, “soyadan” chiqishni ragʻbatlantirish va noqonuniy (qora) rieltorlar va rieltorlik tashkilotlari faoliyatini legallashtirish, shuningdek, rieltorlik xizmatlari isteʼmolchilarini huquqlarini himoya qilish, hamda noqonuniy rieltorlar tomonidan firibgarlik holatlari avj olishining oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda rivojlangan mamlakatlar tajribasi oʻrganildi, bunda AQSh, Germaniya va Fransiyada rieltorlar litsenziyaga ega boʻlishi majburligi hamda rieltorlar faoliyati koʻproq tartibga solingan Benilyuks mamlakatlarida (Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg) rieltorlik faoliyati amalga oshirishda litsenziyaga ega boʻlishdan tashqari, har bir agent proffesional tashkilotlardan biriga aʼzo boʻlishi belgilangan.

Bloger N.Makarenkoning maqolasida aytilishicha, “Davaktiv agentligi barcha kvartira egalariga ularni sotish va ijaraga berish haqidagi eʼlonlarni Internetda joylashtirishni qonuniy ravishda taqiqlamoqchi. Buni faqat rieltorlar orqali mumkin boʻladi”. Bu fikr haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.

Qonun loyihasining 3-moddasida ushbu Qonunning amal qilishi koʻchmas mulk mulkdorlari oʻzlari mustaqil tuzadigan bitimlarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilab qoʻyilgan.

Shu bilan birga, Qonun loyihasining 27-moddasida koʻchmas mulk bozorida axborot, maslahat va reklama xizmatlari qonunchilikda belgilangan tartibda tuzilgan rieltorlik xizmatlarini koʻrsatish shartnomasi asosida koʻrsatiladi.

Mazkur moddaning uchinchi qismida jismoniy yoki yuridik shaxslarning koʻchmas mulk obyektlarini reklama qilish va eʼlonlari, shu jumladan butunjahon axborot tarmogʻi Internetda yoki ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida joylashtiriladiganlari, koʻchmas mulk mulkdorlari tomonidan faqat rieltorlik tashkilotlari va koʻchmas mulk boʻyicha agentlar orqali bepul amalga oshiriladi.

Shu bois, qonun loyihasining 27-moddasi qoidalarining tahriri qayta ishlanadi va Oʻzbekiston Respublikasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 11 va 12-moddalari talablariga, shuningdek, koʻchmas mulk egalari manfaatlari va qonunchilik texnikasiga muvofiqlashtiriladi.

Shuningdek, mazkur qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi yakunlari boʻyicha kelib tushgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda qayta ishlanadi hamda huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etiladi.

Adliya vazirligining ijobiy xulosasi olinganidan soʻng qonun loyihasi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.

2712 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech